Янгиликлар
25
Ochiqlik, shaffoflik va adolat: Sud tizimida komplayens-nazorat hamda korrupsiyaga qarshi islohotlar
Ochiqlik, shaffoflik va adolat: Sud tizimida komplayens-nazorat hamda korrupsiyaga qarshi islohotlar
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berish va unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zero, korrupsiya qonun ustuvorligiga putur yetkazadigan va fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadigan xavfli illatdir.
So‘nggi yillarda ushbu sohada qat’iy va tizimli huquqiy-institutsiya islohotlar amalga oshirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilishi, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda sohalarga profilaktik mexanizmlarni joriy etish ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘ldi.
Sud-huquq tizimini korrupsiyadan holi sohaga aylantirish va odil sudlovni ta’minlash borasida quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha keskin chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:
Sud organlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-hatarlarni oldindan aniqlash, baholash va ularni bartaraf etishga qaratilgan komplayens-nazorat mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tizim sud xodimlarining xulq-atvor kodeksiga rioya etishini, manfaatlar toqnashuviga yo‘l qo‘ymaslikni va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilishning oldini olishni ichki tomondan doimiy nazorat qiladi.
Sud jarayonlariga zamonaviy AKT keng joriy etilmoqda. Ishlarni sudyalar o‘rtasida inson omilisiz, avtomatik ravishda taqsimlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani manfaatlar toqnashuvi va tarafkashlik xavfini keskin qisqartirdi.
Sud majlislarini onlayn translyatsiya qilish, qarorlar va ajrimlarni maxsus elektron platformalarda ochiq e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu sudyalarning jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirmoqda.
Fuqarolarning sudga murojaat qilishidan tortib, majlislarda masofadan turib (videokonferensaloqa orqali) ishtirok etishigacha bo‘lgan barcha jarayonlar soddalashtirildi, bu esa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etdi.
Sudyalarni lavozimga tayinlash va ularning faoliyatini baholashda halollik va komplayens talablariga rioya etilishi asosiy mezon qilib belgilandi. Sudyalar oliy kengashi faoliyatining ochiqligi ta’minlanib, doimiy ravishda odob-ahloq va korrupsiyaga qarshi talablar nazorat qilinmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilanganidek, qonun ustuvorligini ta'minlash va korrupsiyasiz jamiyat barpo etishda komplayens kabi zamonaviy profilaktika institutlarining o‘rni beqiyosdir. Sud tizimiga ichki komplayens-nazoratning to‘liq tatbiq etilishi, ochiqlik va shaffoflikning ta’minlanishi aholining sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Termiz tumanlararo sudi sudyasi B.Axmedov