Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

Inson huquqlari va odil sudlov: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar mazmuni



Inson huquqlari va odil sudlov: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar mazmuni
Mamlakatimizda adolat tamoyillarini qaror toptirish, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish hamda sud-huquq tizimini zamonaviy standartlar darajasiga olib chiqish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli Farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida “Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” (IV yo‘nalish) bo‘yicha amalga oshiriladigan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, ushbu yo‘nalishdagi 84, 85, 86 va 88-maqsadlar sud-huquq sohasini raqamlashtirish, adolat mezonlarini kuchaytirish va fuqarolarga sifatli huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan:
1. Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash (84-maqsad)
Ushbu maqsad inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirishni ko‘zda tutadi.
Jinoyat ishi yurituvida yarashuv institutidan foydalanish imkoniyati 20 foizga oshiriladi.
Sudlar hamda tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish darajasi 50 foizga yetkaziladi.
2. Ma’muriy adliya va samarali sud nazorati (85-maqsad)
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda ma’muriy adliya tizimini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’muriy sudlarda ishlarning kelishtirish (murosa) choralari orqali hal etilishi darajasini 50 foizga oshirish belgilangan. Bu esa fuqaro va davlat organi o‘rtasidagi nizolarni ortiqcha ovoragarchiliksiz, tez va maqbul hal etish imkonini beradi.
3. Sud mustaqilligi va ochiqlikni ta’minlash (86-maqsad)
Sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish hamda aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish doirasida tizimga zamonaviy AKT texnologiyalari joriy etilmoqda.
Fuqarolarga sud jarayonlarida qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida yangi interaktiv xizmatlar soni 19 taga yetkaziladi.
4. Advokatura institutini rivojlantirish va huquqiy yordam (88-maqsad)
Malakali va sifatli huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish hamda advokatlar nufuzini oshirish nazarda tutilgan.
Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha advokatlar hamda sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjat almashinuvi darajasi 50 foizga yetkazilishi belgilangan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ushbu maqsadlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi sud-huquq tizimida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlaydi, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi va pirovardida jamiyatda qonun ustuvorligining ustun bo‘lishiga xizmat qiladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudi sudyasi B.Axmedov