Янгиликлар
20
JOYLARDA HUQUQIY YORDAM KO‘RSATILMOQDA
JOYLARDA HUQUQIY YORDAM KO‘RSATILMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoni muvofiq adliya organlariga yuklatilgan qo‘shimcha vazifalar aholi bilan adliya organlarini yanada bir-biriga yaqinlashtirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Endilikda adliya idoralari fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etishda yangicha tizim asosida ishlamoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa, joylarda aholi ko‘tarayotgan dolzarb huquqiy muammolarni hal qilish, fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish orqali ularning huquqiy muammolarining samarali yechimiga erishishdir.
O‘tgan chorak davomida adliya bo‘limi tomonidan joylarda uyma-uy yurish orqali hamda “Online mahalla” platformasi orqali 2000 dan ortiq murojaatlar ish yurituvga qabul qilinib, ularda keltirilgan huquqiy muammolarga o‘z muddatlarida bartaraf etilib borilmoqda.
Haftaning har chorshanba kuni mahallalarda o‘tkaziladigan “Huquqiy targ‘ibot kuni” tadbirlarida joylarda aniqlangan muammolarning huquqiy echimlariga qaratilgan manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilinib, birinchi galda aholi uchun eng dolzarb masalalar aniqlab olinmoqda.
Bunda bevosita yuridik markaz, FHDY va DXM hamda Madad NNT xodimlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun imtiyozlar va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi bo‘yicha tizimli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish kabi ishlar amalga oshirib borilmoqda.
Aniqlangan muammolar doirasida fuqarolarga shu yerning o‘zida huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunda aholining bir necha yillab hal bo‘lmayotgan murojaatlariga to‘g‘ri yo‘nalish berilishi oqibatida bir necha kunlarda ijobiy natijalarga erishilayotganiligini, bepul yuridik yordam esa ularning mushkullarini oson qilayotganligini ko‘plab kuzatishimiz mumkin.
Jumladan, shunday uyma-uy yurish va “Huquqiy targ‘ibot kuni” doirasida tumandagi “Kaxlak” MFYda fuqaromizning uzoq yillardan buyon qandli diabet kasalligi bilan davolanib kelayotganligi nogironlik guruhiga chiqish uchun yillar davomidagi murojaatlari yechim topmay kelayotganligi holati o‘rganildi. Adliya bo‘limining ko‘magi bilan TMEKdan o‘tkazilib muddatsiz 2-guruh nogironlik guvohnomasi olib berildi. Navbahor MFYda yashovchi fuqaroning farzandiga nogironlik guruhi tayinlash bilan bog‘liq muammosi ham ijobiy hal etildi, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan umumiy amaliyot shifokorlariga to‘lanmay kelinayotgan ustama pullari sudga da’vo kiritilishi natijasida undiruvga qaratilib, shifokorlarning manfaatlari himoya qilindi.
Shuningdek, farmonda yuridik ta’lim sohasida maktablarda "Huquq sinfi" va huquq fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda "maktab - litsey - texnikum - universitet" tizimini joriy etilishi ko‘zda tutilgan edi. Shu munosabat bilan tumandagi 24-sonli maktabga huquq sinfi uchun o‘quv xonasi inventarlari yetkazib berildi. Adliya bo‘limi tomonidan tuman tashkilotlari bilan hamkorlikda maktablarda o‘quvchilar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan insholar tanlovi, “Konstitutsiya bilimdoni” tanlovi, “Huquqiy bilimlar kuni” tadbirlari va boshqa tadbirlar muntazam o‘tkazib borilmoqda.
Risolat Abdullaeva
Qarshi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i