Янгиликлар
13
Qanday hollarda FHDY organlarida er yoki xotindan birining arizasi asosida nikohdan ajratish qayd etiladi?
Qanday hollarda FHDY organlarida er yoki xotindan birining arizasi asosida nikohdan ajratish qayd etiladi?
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-son qarori bilan tasdiqlangan 1-ilova “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 43 va 219-moddalariga muvofiq er-xotindan biri sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa; sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa; sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan umumiy bolalari bor-yo‘qligidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra FHDY organlarida nikohdan ajratish qayd etiladi.
Bunday hollarda arizaga qo‘shimcha ravishda quyidagilar ilova qilinadi: er (xotin)ning muomalaga layoqatsiz yoxud bedarak yo‘qolgan deb topilganligi to‘g‘risida qonuniy kuchga kirgan sud qarori; er (xotin)ning uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi to‘g‘risida qonuniy kuchga kirgan sud hukmidan ko‘chirma, shuningdek sudlangan er (xotin)ning nikohdan ajratishga o‘rtada umumiy bolalari va mol-mulki yuzasidan nizolari yo‘qligi to‘g‘risidagi roziligi.
Bolalari to‘g‘risida, birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin)ga ta’minoti uchun mablag‘ to‘lash haqida nizo mavjud bo‘lsa nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi.
O‘zaro bolalari va mulkiy nizolari bo‘lmagan va 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarni nikohdan ajratish er-xotinning o‘zaro roziligiga ko‘ra umumiy qoidalar asosida FHDY organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Sudning er-xotindan birining bedarak yo‘qolgan deb topilganligi to‘g‘risidagi qarori bo‘yicha nikohdan ajratish er yoki xotin doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan er (xotin) qaytib kelganda va sudning tegishli hal qiluv qarori bekor qilinganda nikoh er-xotinning birgalikdagi arizasi bo‘yicha FHDY organi tomonidan tiklanishi mumkin.
Bu holda FHDY organi nikohdan ajratish to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvini va uning asosida berilgan tegishli guvohnomani bekor qiladi.
Tomonlardan biri yangi nikohga kirgan taqdirda, nikoh tiklanishi mumkin emas.
Bu holda bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxs murojaat qilgan taqdirda, nikohdan ajralganlik to‘g‘risida guvohnoma beriladi.
Shahrisabz tumani
FHDY bo’limi mudirasi
M.Ismoilova