Янгиликлар
06
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra 11 ta moddadan iborat “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining qabul qilinishi asos bo‘ldi. Bu qonunning 1-moddasiga Konstitutsiyaning yangi tahriri ilova qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra 11 ta moddadan iborat “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining qabul qilinishi asos bo‘ldi. Bu qonunning 1-moddasiga Konstitutsiyaning yangi tahriri ilova qilingan.
Bunga qadar 1992 yildan buyon konstititutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, rasmiylarga ko‘ra, konstitutsiya 65 foizga yangilangan.
Quyida eng muhim yo‘nalishlarda ro‘y bergan o‘zgarishlar hujjatdagi ketma-ketlik bo‘yicha keltirib o‘tiladi.
O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat
Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha o‘zgartirildi:
O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi. (Konstitutsiya normalariga rasmiy sharhlar hozircha yo‘q, shu sababli undagi norma va tushunchalarga umumqabul qilingan doirada, mustaqil izoh berib o‘tilmoqda).
Suveren davlat – o‘z hududida to‘la-to‘kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiksiyaga ega bo‘lish demakdir.
Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va o‘z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki ta’minlanishini ko‘zda tutadi.
Huquqiy davlatda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta’minlaydi.
O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilishi bilan, har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiyroq aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalarida ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati bo‘lishi kerak.
Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan bo‘ladi. Davlat diniy e’tiqodidan qat’i nazar barchaga bir xil munosabatda bo‘ladi, dinga oid masalalarda neytral pozitsiyani egallaydi.
Yangi konstitutsiyaning 154-moddasi bilan, 1-moddadagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish mumkin emas, deb belgilandi. Xuddi shuningdek, 154-moddaning o‘zidagi aynan shu qoidadan iborat band ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Boshqacha aytganda, bu norma – O‘zbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.
Konstitutsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi
15-moddaga quyidagicha qo‘shimcha qo‘shildi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan sudga murojaat qilishga imkon beradi.
Referendumda qabul qilingan qonunga binoan, Oliy sud 3 oy ichida tegishli Plenum qarorini qabul qilishi kerak. Bu qaror asosida sudlar tomonidan konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat sifatida qo‘llash yuzasidan yagona sud amaliyoti joriy etiladi.
Imtiyozlar qonunda yozib qo‘yilishi shart emas
Yangi konstitutsiyaning 19-moddasi (avvalgi 18-modda) – fuqarolarning jinsi, millati, mavqeyi va hokazolardan qat’i nazar qonun oldida tengligi haqida. Bu moddaning 2-qismi quyidagicha o‘zgardi:
Eski: Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Yangi: Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Bu bilan konstitutsiyaning amalda ishlamay kelgan normalaridan biri real voqelikka moslashtirilmoqda. Amaliyot shundayki, turli jabhalardagi imtiyoz va preferensiyalar nafaqat qonunlar asosida, balki ko‘p holatlarda qonunosti hujjatlar – qaror va farmonlar asosida berib kelinyapti.
Barcha noaniqliklar – inson foydasiga
Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan:
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
Ijtimoiy munosabatlar cheksiz shakllarga ega, ularni normativ-huquqiy hujjatlarda to‘liq kodifikatsiya qilib chiqish amalda imkonsiz.
Endilikda, qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.
Bundan tashqari, turli hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik o‘tgan taqdirda, masalan pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.
O‘qituvchilar alohida e’tirofda
Konstitutsiyaga o‘qituvchilar haqida modda qo‘shildi. U ikki banddan iborat:
O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Shu tariqa, ustozlar huquq sohasi vakili bo‘lmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi. Konstitutsiyada nomi keltirilgan o‘qituvchilardan boshqa kasb egalarining barchasi – huquq sohasi vakillari (sudyalar, prokurorlar va advokatlar). Boshqa holatlarda kasb egalari emas, sohalar haqida gap ketgan (masalan, ommaviy axborot vositalari, turli jamoat birlashmalari).
Mahalliy davlat hokimiyatidagi o‘zgarishlar. Hokimlar kengash raisligidan ketdi
Mahalliy davlat boshqaruvida vakillik va ijro etuvchi organlar bir-biridan ajratilmoqda. Bu boradagi hozirgi tartib hokimiyatning bo‘linish va hokimiyat bo‘g‘inlarining o‘zaro tiyib turish prinsipiga zid. Bosh qomusning yangi tahririga asosan, bunga barham berilib, mahalliy kengashlar saylanadigan vakillik organlari, hokimliklar esa ijro organlari deb belgilanmoqda.
Shunga muvofiq, quyidagi sanalardan boshlab, hokimlarning kengashlarda raislik qilishiga barham beriladi:
viloyatlarda va Toshkent shahrida 2024 yilgi deputatlik saylovlari yakunlari bo‘yicha;
tuman va shaharlarda 2026 yil 1 yanvardan boshlab.
Mahalliy kengashlar raislari kengash deputatlari orasidan 5 yil muddatga saylanadi. Hokimlar esa 5 yil muddatga tayinlanadi, tayinlangan hokimni kengashlar tasdiqlaydi. Shu tariqa, kengash raislari ham, hokimlar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aholi tomonidan saylanmaydi.
Kengashlarning vakolatlariga, jumladan, quyidagilar kiradi:
mahalliy budjetni ko‘rib chiqish va qabul qilish, uning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash;
hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish.
Hokimlarning vakolatlari esa, jumladan, quyidagilardan iborat bo‘ladi:
konstitutsiya va qonunlarni, parlament palatalarining qarorlarini, prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari kengashlarining qarorlarini bajarish;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish.
Hokimlar va mahalliy kengashlarning faoliyatini tashkil etish tartibi bo‘yicha alohida qonunlar qabul qilinadi. Mahalliy masalalar bo‘yicha ularning vakolatlari qanday taqsimlanishi ana shu qonunlarda aks etadi.
Nishon tuman adliya bo'limi YXKM boshlig'i B.Mahmatqulov.