Янгиликлар
29
Trasologik ekspertiza» tushunchasi va turlari
1. «Trasologik ekspertiza» tushunchasi va turlari
Trasologiya — kriminalistikaning alohida bo‘limi bo‘lib, uning vujudga kelishi ko‘chmanchi xalqlar, ovchilar, izquvarlar tomonidan izlarni o‘qish san'atiga borib taqaladi.
Tergov va sud amaliyotida ilk bora qo‘llangan izlar oyoq
va qon izlari bo‘lganligini e'tirof etish uchun barcha asoslar mavjud. Shu bilan birga, qadim zamonlardan boshlab, qo‘l barmoqlarining izlari hamda tish izlariga dalil sifatida katta ahamiyat berilgan. Bularning hammasi keyinchalik jinoyatlarni ochishda izlardan foydalanish imkoniyatini yuzaga keltirdi. Izlarni topish, rasmiylashtirish va olib qo‘yish usullari ishlab chiqildi. Trasologiyaning nazariyasiga asos solindi, ya'ni izlar, iz hosil bo‘lishi, iz belgilari to‘g‘risidagi ta'limotlar bora-bora rivojlana boshlanganligi bois, trasologik ekspertizalarni tasniflash amalga oshirila boshladi. Trasologiyaning rivojlanishiga Rossiyalik kriminalist olimlar katta hissa qo‘shganlar. Biroq trasologiyaning vujudga kelish vaqtidan boshlab o‘tgan jarayon mobaynida uning nazariy asoslari yetarlicha rivojlantirilmadi.
Binobarin, trasologiyaning bu kabi amaliy yo‘nalishi undagi kuchli taraflardan biri bo‘lishiga qaramay, muayyan bosqichdagi nazariy asoslari unchalik o‘rganilmadi. Izlarni olishning samarali vositalari ishlab chiqildi. Biroq ularning shakllanish qonuniyat¬lari hammaga ham ma'lum emas edi, ekspertlar identifikatsiyalovchi (aynanlashtiriluvchi) belgilarni o‘rganish maqsadida ularni soddalashtirishni uddasidan chiqsalar-da, biroq hanuz iz belgilarini aynanlashtirishning aniq tizimini topmagan edilar. Xususan, amaliyotda iz belgilariga baho berishning induktiv usullari tez rivojlana boshlashi va samarali ravishda o‘zgarib borishiga qaramay, belgilarning buzilish qonuniyatlari, ularga baho berishning miqdoriy va ob'ektiv usullari to‘g‘risida hyech nima ma'lum emas edi.
Trasologiyada yuzaga kelgan bu kabi holat uning boshlang‘ich bosqichi uchun xosdir. Kriminalistikaning mustaqil bo‘limi sifatida trasologiya o‘tgan asrning 30–40 yillarida ilk bor shakllana boshladi. Trasologiyaga taalluqli dastlabki manbalardan biri I.S. Semenovskiyning «Daktiloskopiya izlarni hisobga olish sifatida» (1923 y.) deb nomlangan risolasi hisoblanadi. Kriminalistikaga doir ilk darsliklarda (1935 y., 1938 y.) trasologiyaning ba'zi umumiy masalalari ko‘tarilgan edi. I.N. Yakimov 1938 yilda nashr ettirgan darsligida ilk bor bu bo‘limga ta'rif berib, uni «trasologiya» deb atashni tavsiya qildi. Shu vaqtdan boshlab «trasologiya» atamasi keyingi yillarda chop ettirilgan barcha darsliklarda qo‘llanila boshladi.
1947 yilda B.I. Shevchenkoning asari nashr ettirilib, trasologiya kriminalistikaning mustaqil bo‘limi sifatida uzil-kesil e'tirof etildi. Trasologiyaning kriminalistik bilimlarning mustaqil sohasi sifatida tan olinishi nafaqat unga nazariy nuqtai nazardan nihoyasiga yetganligini bildirardi, aksincha, trasologiyaning ko‘pgina muammolari (izlarni talqin etish, trasologik ekspertiza chegaralari
va hajmini belgilash, izlarni tasniflash va hokazo) bo‘yicha bahs-munozaralarning boshlanayotganligini anglatar edi.
2. Trasologiyaning kriminalistik texnikaning mustaqil bo‘limi sifatida shakllanishi?
Hozirgi kunda trasologik ekspertiza predmetini quyidagicha ifodalash mumkin:
Trasologiya — kriminalistika fanining bo‘limi bo‘lib, iz hosil bo‘lishi jarayonining nazariy asoslari, ularni qoldirgan ob'ektlarning tashqi tuzilishi, izlarning hosil bo‘lish mexanizmlari, izlarni topish, hisobga olish va olib qo‘yish usullari va vositalari, shuningdek jinoyatlarni ochish, tergov qilish va oldini olishda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlash maqsadida izlar tadqiqotining umumiy
va xususiy usullarini o‘z ichiga oladi.
Iz qoldiradigan ob'ektlarning turiga qarab, izlarning to‘rtta asosiy guruhi ajratiladi:
— odam izlari;
— qurol, asbob va ishlab chiqarish mexanizmlarining izlari;
— transport vositalarining izlari;
— hayvonlar izlari.
Shu bilan birga, mazkur guruhdagi izlar ham quyidagi tarkibiy qismlarga bo‘linadi:
1. Odam izlari (gomeoskopiya):
— qo‘l izlari (daktiloskopiya).
— oyoq izlari — yalang oyoq izlari, paypoqli oyoq izlari, poyabzal izlari.
— tish izlari.
— tirnoq izlari.
— papillyar chiziqlarga ega bo‘lmagan tana a'zolari (lab, quloq, peshona, burun qirralari va h.k.)ning izlari.
— kiyim-kechak, ko‘lqop izlari.
— qon izlari (ularning hosil bo‘lish shakllari
va mexanizmlarini kriminalistik tadqiq etish).
2. Qurol, asbob va ishlab chiqarish mexanizmlarining izlari (mexanoskopiya):
— buzish qurollarining izlari.
— qulf va qulflash moslamalaridagi izlar.
— plombalari va berkituvchi-plombalovchi qurilmalar-dagi izlar.
— mahsulotlardagi ishlab chiqarish mexanizmlarining izlari.
3. Transport vositalarining izlari:
— relssiz transport vositalarining g‘ildirak izlari.
— gusenitsa (sudraluvchi zanjirsimon g‘ildirak) izlari.
— chang‘i va chana izlari.
— transport vositalaridagi bo‘rtib turuvchi detallari-ning izlari.
4. Hayvon izlari:
— hayvon oyoqlari (panja, taqa) izlari.
— tamg‘a (belgi)ning ko‘rinishi.
Bundan tashqari, trasologik tadqiqot ob'ektlariga quyidagilar kiradi:
a) mexanik usul bilan ajratilgan turkum ob'ektlar yoki monolit ob'ekt qismlari («qismlarga ko‘ra butunni aniqlash». Ya'ni alohida qismlarning bir-biriga yoki bir nechta qismlarning yagona butun bo‘lakka tegishliligini aniqlash);
b) tugun, tamaki qoldiqlari, qo‘l choklari, ya'ni odamning ish faoliyatini aks ettiruvchi buyumlar (funksional-dinamik komplekslar — FDK);
v) qulflar, mexanizmlar va boshqa ishlab chiqarish mahsulotlarining xususiyatlari va holatini aniqlashda izlarning yuqorida keltirilgan tasniflanishi shartli hisoblansa-da, biroq u trasologik ekspertizalarning alohida turlarini shakllantirishda asos sifatida qabul qilingan.
3. «Trasologik izlar» tushunchasi va tasnifi?
– Har qanday fan yoki uning birorta sohasini uning predmeti ifodalaydi. Trasologiya fani uchun ham, bu fan sohasi shug‘ullanadigan o‘zining vazifalari va uslubiyoti bag‘ishlangan tadqiqot prdemetini aniqlab olish muhimdir. Shuning uchun trasologik izlar tushunchasini aniqlash, trasologiyani kriminalistikaning muhim bir sohasi sifatida o‘rganishning zaruriy shartidir. Kriminalistik adabiyotlarda izlarning yoki modiy izlarning keng ma'nodagi, ya'ni kriminalistik ma'nodagi tushunchasi ishlab chiqilmagan. Buning sababi, trasologik izlarning tushunchasi va turlarini kriminalistik ma'nodagi izlar sifatida ham qabul qilinishidadir. Masalan, L.K. Litvinenko izlar tushunchasiga quyidagicha ta'rif beradi: izlar trasologik tushunchada quyidagicha ta'riflanadi, ya'ni birorta ob'ektning tashqi ko‘rinishini boshqa bir ob'ektda aks etishidir va buning natijasida iz qoldirgan ob'ektni identifikatsiyalash mumkin bo‘ladi . Aynan shu muallif yirtilish va sindirilish izlarni trasologiyaga kiritgan. Lekin bu izlarning vujudga kelishida ta'sirlashishi natijasi bo‘lmaganligi uchun ularni trasologiyaga kiritish xato bo‘lur edi. Shuning uchun muallif o‘z xatosini bilgandek, kontaktlashish natijasida hosil bo‘lgan izlar tushunchasini ham yoritgan. Kontakt natijasida bir ob'ekt ikkinchi bir ob'ekt bilan ta'sirlashadi, ta'sirlashish oqibatida esa bir ob'ektning tuzilishidagi o‘ziga xosliklar ikkinchi ob'ektda ifodalanadi. Izlarning ana shu tushunchasi trasologik izlarning mohiyatini to‘laroq ochib beradi.
– Boshqa bir kriminalist-olim G.L. Granovskiy trasologik izlarga boshqacharoq ta'rif bergan. Uning fikricha, jinoyat hodisasi bilan bog‘liq bo‘lgan ta'sirlashishilar va harakatlarning natijasi hamda turli ob'ektlarlarning xossalari va tashqi tuzilishi belgilarining moddik aks etishlaridir. Ushbu ta'rifda ob'ektlarning boshqa xossalari to‘la yoritilmagan, chunki, trasologiyaning tadqiqot predmeti bo‘lib, ob'ektlarning iz qabul qiluvchi sirtlardagi aks etgan tashqi tuzilishi hisoblanadi. Bundan tashqari, bu kabi ta'rif berish trasologik izlarni rivojlanishini chegaralab qo‘yayotgandek bo‘ladi.
– Bu kabi ta'riflar juda ko‘p kriminalist-olimlar tomonidan berilgan, ularni birma-bir sanab o‘tishning unchalik ahamiyati yo‘q. Lekin oxirgi mualliflardan biri B.I. Shevchenko trasologik izlarga bizning fikrimizcha, aniq
va to‘liq ta'rif bergan. Ana shu ta'rifni trasologik izlarni aniq bir ta'rifi sifatida qabul qilish mumkin.
– Trasologik izlar deganda, atrof-muhitda sodir bo‘lgan yoki bo‘layotgan shunday o‘zgarishlar tushuniladiki, buning natijasida bir buyumning tashqi tuzilishi ikkinchi bir buyumda o‘zining aksini topadi. Bu kabi izlar tashqi tuzilishlarning aks etuvchi-izlari degan nom olgan.
– Trasologik izlarning ta'rifida ikki muhim tomonga e'tibor berish lozim. Birinchi tomon shundaki — trasologik izlar moddiy muhitdagi o‘zgarishlarning natijasidir va shuning uchun ular izlarning umumiy belgisiga egadir. Ikkinchi, eng asosiy tomoni esa — bu izlar shunday izlarki, ularda biror buyumning tashqi tuzilishlari o‘zining ifodasini faqat ikkinchi bir buyumda topadi.
– Keltirilgan ta'rifdan kelib chiqib, trasologiyaning o‘zigagina tegishli bo‘lgan izlar doirasini aniqlash mumkin bo‘ladi, ya'ni iz qabul qiluvchi ob'ektlarda aks etmaydigan hamda tashqi tuzilish xususiyatiga ega bo‘lmagan izlarni trasologik izlar tizmidan chiqarish lozim. Bu kabi izlar sifatida, agar ularni identifikatsiya etishni trasologik uslublar orqali amalga oshirilmasa, yaxlit yoki butunning parchalari, mayda ob'ektlar (soch, gugurt donalari va h.k.), biologik va suyuq moddalar (qon, so‘lak va boshqalar)ni hisoblash mumkin.
– Trasologik izlar tushunchasini aniqlanishi, trasologik izlarni tasniflash imkonini beradi. Kriminalistik adabiyotlarda trasologik izlarning tasniflanishi borasida juda ko‘p fikrlar aytilgan. Masalan, L.K. Litvinenko, L.G. Granovskiy, V.Ya. Koldin, M.M. Grodzinskiy, G.M. Minkovskiy va A.A. Eysman kabi olimlar tasniflanish tizimini yaratganlar, ularning tizimida mexanik ta'sir izlari asosiy guruhni tashkil etadi.
– Shunday qilib, izlar keng ma'noda turli ko‘rinishlar, hodisalardan qolgan alomatlar va belgilar yoki qoldiqlar degan ma'noda tushuniladi. Har qanday predmet o‘zining aksini albatta ikkinchi bir predmetda qoldiradi.
– Tor ma'nodagi trasologik izlar deganda, bevosita jinoiy hodisa bilan bog‘liq bo‘lgan predmetlardan, buyumlardan, ob'ektlardan qolgan izlar tushuniladi.
– Yuqorida aytilganidek, izlarning tushunchasi uzoq vaqt mobaynida ishlab chiqilmadi. Ayrim kriminalistlar izlarni tor ma'noda, ya'ni faqat trasologik izlar sifatida tushunar edi, ayrim mualliflar esa, izlarni faqat keng ma'noda, ya'ni kriminalistik izlar ma'nosida talqin etar edilar.
– Izlarning hosil bo‘lish mexanizmini, iz hosil qiluvchi ob'ektlarning guruhiy va individual (alohida) mansubligini aniqlash, izlarning aksini qidirib topish, qayd etish
va tekshirish uchun qo‘llaniladigan ilmiy-texnik vositalar
va usullar, uslublarning ishlab chiquvchi fan — kriminalistikaning bir tarmog‘idir.
– Har bir predmet, buyum yoki ob'ekt faqat o‘zigagina xos bo‘lgan individual yoki alohida alomatlar va belgilarga egadir. Barcha belgilari va alomatlari bo‘yicha o‘xshash bo‘lgan ikkita predmet, buyum yoki ob'ektning bo‘lishi mumkin emas. Ob'ektlarning ana shu individual yoki alohida belgi
va alomatlariga qarab identifikatsiya qilish mumkin.
– Izlarning hosil bo‘lish mexanizmi o‘ziga xos, ya'ni takror-lanmas xususiyatga ega. Iz qoldiruvchi ob'ektlar qanday xususiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, u faqat o‘ziga xos individualligi yoki alohidaligi hamda xususiy belgi va alomatlari asosida identifikatsiya qilinadi. Ana shu xususiy belgi va alomatlarni bir ob'ekt ikkinchi bir ob'ekt bilan o‘zaro kontakt jarayonida qoldiradi va natijada izlar hosil bo‘ladi.
– Yuqorida aytilgan, trasologik izlarning ta'riflaridan kelib chiqib, hosil bo‘lgan izlarning quyidagicha tasniflanishini keltirish mumkin:
– 1. Kelib chiqish manbai bo‘yicha:
– — botiq izlar; — yuzaki yoki sirtiy izlar.
– 2. Hosil bo‘lish mexanizmi bo‘yicha:
– — statik izlar; — dinamik izlar.
– 3. Izlarning uchinchi bir ob'ekt hisobidan hosil bo‘lishi bo‘yicha:
– — lokal izlar; — periferik izlar.
– Ta'kidlash joizki, trasologik izlarning ham, keng ma'nodagi, ya'ni kriminalistik izlarning ham hosil bo‘lishida kamida ikkita ob'ekt ishtirok etishi shart. Bu iiki ob'ektdan biri iz qoldiruvchi ob'ekt deyiladi, ikkinchisi esa qabul qiluvchi ob'ektlar deb ataladi.
4. Trasologik ekspertizaning tashkiliy-huquqiy asoslari?
4.
– Ekspertning xulosasi ashyoviy dalil manbai deb hisoblanishi qonunda ko‘rsatilgan. Har qanday ashyoviy dalil sifatida u tergovchi, prokuror va sud tomonidan tekshirilib ko‘rilishi va uning ashyoviy dalil sifatida tan olinishi, ekspert tomonidan aniqlangan dalillarning ishga tegishliligi, ekspert xulosalarining ishonchliligi va ularning daliliy ahamiyati tasdiqlanishi zarur. O‘zbekiston Respublikasi JPKning 184-moddasida: «Ekspert zarur tadqiqotlarni amalga oshirgandan so‘ng o‘z nomidan yozma xulosa tuzadi va uni o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi» deyilgan.
– Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan talablarga javob berishi uchun ekspert xulosasi O‘zbekiston Respublikasi JPKning
184-moddasida belgilangan talablar va qoidalarga mos kelishi zarur. Ekspert xulosasi bu — maxsus bilimlar asosida haqiqatni aniqlash va ekspertning ular to‘g‘risidagi fikridan iboratdir.
– Ekspert xulosani yozishdan avval O‘zbekiston Respublikasi JPKning 238-moddasida nazarda tutilgan bila turib yolg‘on guvohlik berganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantiriladi. Yolg‘on guvohlik bermaslik to‘g‘risida tilxat xulosaning sarlavhasiga yoziladi. Xulosaning o‘zi uch qismdan iborat bo‘ladi: kirish qismi, tadqiqot qismi va xulosalar.
– Kirish qismida umumiy ko‘rinishdagi ma'lumotlar keltirilib, ular asosida keyinchalik ish bo‘yicha dalil sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan xulosalar yoziladi:
– — sud ekspertiza muassasasining (bo‘lim) nomi;
– — xulosa raqami va uni tuzish sanasi;
– — ekspertiza o‘tkazish uchun asos (tergovchi qarori, sud ajrimi), jinoyat ishining raqami, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan ayblanuvchilarning familiyalari;
– — o‘tkazilgan ekspertizaning nomi;
– — ekspertiza kim tomonidan amalga oshirilgan (ekspertning familiyasi, ismi, sharifi, ma'lumoti, mutaxassisligi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi), ba'zida ekspert sifatida ish staji ko‘rsatiladi.
– — ekspertning oldiga qo‘yilgan savollar;
– — tekshirish uchun berilgan ob'ektlar: ashyoviy dalillar, namunalar, ish materiallari.
– — basharti ekspertiza takroriy amalga oshirilayotgan bo‘lsa, birlamchi ekspertiza kim tomonidan va qachon amalga oshirilgani ko‘rsatiladi.
– Tadqiqot qismida berilgan ob'ektlar, tadqiqotning borishi va natijalari, sintezlovchi qism batafsil ta'riflanadi.
– Tadqiqot ob'ektlariga quyiladigan talablarda o‘ramning butunligi katta ahamiyatga ega bo‘ladi, zero, u ob'ektning butunligini va buzilmaganligini ta'minlaydi. Basharti o‘ram buzilgan bo‘lsa, bu alohida qayd etiladi. Ob'ektlarning o‘ziga, ularning umumiy va xususiy belgilari va ob'ektni alohida¬lashtirishga imkon beruvchi tomonlariga ta'rif berib o‘tiladi. Ko‘rsatib o‘tilgan ma'lumotlar fotosuratlar bilan tasdiqlanib, ularda ob'ektning umumiy ko‘rinishi tasvirlanadi va belgilarni bayon qilish mobaynida ularga havola qilib o‘tiladi.
– Alohida tadqiq etish bosqichini bayon qilishda ekspert tomonidan identifikatsiya qilinuvchi belgi sifatida olingan belgilarga alohida ta'rif berib o‘tiladi. Iz hosil bo‘lish mexanizmiga alohida e'tibor berilib, u diagnostik vazifani hal qilishda alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Agar ekspert tajriba-sinovi o‘tkazilsa, xulosaning muayyan qismiga «Eksperimentlar o‘tkazish» deb nomlangan mustaqil bo‘lim kiritiladi.
– Mazkur bo‘limda eksperimentning maqsadlari, o‘tkazilgan tajribalar va ularning soni, shart-sharoitlari, olingan natijalar, ularning shart-sharoitlarning o‘zgarishiga qarab turlanishi (variatsiyaligi), o‘tkazilgan eksperiment natijalarini qayd etish yo‘llariga batafsil to‘xtalib o‘tiladi.
– Har bir ob'ektga doir alohida tekshiruv natijalari bo‘yicha ma'lumotlar beriladi.
– Shu bilan birga, turdosh ob'ektlar (hodisa sodir bo‘lgan joyning uchta turli joylaridan olingan iz qoliplari) bo‘lganda va o‘xshash belgilarni tahlil qilish (uzunlik, kenglik, umumiy va xususiy shakllar) amalga oshirilganda, ularning yagona jadvalga kiritilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, tadqiqotni amalga oshirishda tizimlilikka erishish imkoniyatini beradi.
– Fotosuratlar orqali identifikatsion masalalarni hal qilishda o‘xshash va farq qiluvchi belgilar solishtiriladi. Bu maqsadda solishtirish usullari: oddiy taqqoslash, ustma-ust tushirish, yonma-yon tushirish kabilar qo‘llanadi. Bir-biriga mos kelgan belgilar raqamlar bilan belgilanadi. Ular nazorat raqamlari deb atalib, o‘xshash va farq qilgan tomonlarni mustaqil ravishda tekshirish imkonini beradi. Fotojadval ekspert tomonidan imzolanadi va xulosaga ilova qilinadi.
5. «Poyabzal va odam oyog‘i izlari» tushunchasi va uning turlari:
– Poyabzal va oyoq izlarining trasologik ekspertizasi trasologik ekspertiza fanining bo‘limi bo‘lib, jinoyat sodir etilgan joyda turli shaxslar (gumonlanuvchi, ayblanuvchi) tomonidan qoldirilgan poyabzal va oyoq izlarini o‘rganadi.
– Poyabzal va oyoq izlarining kriminalistik ahamiyati tergov qilinayotgan jinoyatning faktik holatlarini aniqlashda ulardan foydalanish imkoniyati bilan belgilanadi.
– Poyabzal va oyoq izlari trasologik ekspertizasining predmeti:
– — poyabzal va oyoq izlarining vujudga kelishi; — poyabzal va oyoq izlarini topish; — poyabzal va oyoq izlarini olish; — poyabzal va oyoq izlarini qayd etish; — poyabzal va oyoq izlarini tadqiq etish; — poyabzal va oyoq izlarini baholash; — poyabzal va oyoq izlaridan foydalanish.
– Poyabzal va oyoq izlari trasologik ekspertizasining ob'ektlari:
– — hodisa joyini ko‘zdan kechirishda aniqlangan poyabzal izlari;
– — hodisa joyini ko‘zdan kechirishda aniqlangan poyabzal izlarining masshtabli fotosuratlari;
– — hodisa joyini ko‘zdan kechirishda aniqlangan poyabzal izlarining gipsli quyma nusxalari;
– — hodisa joyini ko‘zdan kechirishda aniqlangan poyabzalning sirtiy izlari mavjud bo‘lgan daktotasmalar;
– — hodisa joyida topilgan poyabzallar;
– — hodisa joyidagi izlar shu shaxs tomonidan qoldirilgan, degan taxminlar mavjud bo‘lgan gumon qilinuvchining poyabzali;
– — hodisa joyidagi izlar shu shaxs tomonidan qoldirilgan, degan taxminlar mavjud bo‘lgan gumon qilinuvchining poyabzalidan olingan eksperimental sirtiy izlar;
– — hodisa joyidagi izlar shu shaxs tomonidan qoldirilgan, degan taxminlar mavjud bo‘lgan gumon qilinuvchining poyabzalidan olingan hajmiy izlar;
– — hodisa joyidagi izlar shu shaxs tomonidan qoldirilgan, degan taxminlar mavjud bo‘lgan gumon qilinuvchining poyabzalidan olingan eksperimental izlarning fotosuratlari;
– — hodisa joyidagi izlar shu shaxs tomonidan qoldirilgan, degan taxminlar mavjud bo‘lgan gumon qilinuvchining poyabzalidan olingan gipsli quyma nusxalar hisoblanadi.
6. Buzish qurollarining umumiy tavsifi va ularning to‘siqlarga ta'sir qilish usullari:
Xususiy mulkka qarshi ko‘pgina jinoyatlar turli mayishiy va texnik vositalarni qo‘llash orqali sodir qilinib, ular qatoriga buzish qurollari ham kiradi masalan, turli xil maishiy va ishlab chiqarish mehnat qurollari (lom, arra, bolg‘a, montaj belkurak-montirovka va hokazo), shuningdek jinoiy maqsadlarda maxsus yasalgan asboblar («fomka», «balerina», «g‘oz panja»). Bundan tashqari, tasodifiy buyumlar (metall bo‘lagi, quvur, armatura tayoq va hokazo) yordamida turli xil to‘siq qisman va to‘liq buziladi. Bu kabi buzilish ta'sirida hosil bo‘ladigan izlar trasologik ekspertiza ob'ekti hisoblanadi.
Mazkur izlarning ekspert tadqiqoti jarayonida qo‘llangan qurolning turi aniqlanadi, aynanlashtiriladi, turli buyumlarga ta'sir qilish mexanizmi, to‘siqlar va qulfla-nadigan moslamalarni buzish usullari aniqlanadi. Bu, o‘z navbatida, jinoyat ishlarini tergov qilishda daliliy ahamiyatga ega bo‘lgan ma'lumotlarning olinishiga xizmat qiladi.
To‘siq va buzish qurollarining o‘zaro ta'sir mexanizmiga ko‘ra, ular uruvchi, teshuvchi, richagli, kesuvchi, shuningdek murakkab turlarga bo‘linib, ular bir nechta turga kiritilishi mumkin. Masalan, richagli-kesuvchi, teshuvchi-yoruvchi buzish qurollari kesuvchi qurollar guruhiga kiritiladi.
7. QULFLARNING TRASOLOGIK EKSPeRTIZASI
1. Qulflarning tuzilishi:
Turli binolar va inshoatlar, seyf, shkaf, stollar qutilari va boshqa shu kabi ob'ektlarning eshiklarini yopish uchun turli mexanizm, moslama va vositalardan foydalaniladi. Hayotimizda eng ko‘p tarqalgan yopish vositasi qulflar hisoblanadi.
Qulf — turli eshiklarni yopish uchun xizmat qiladigan va blokirovka qilishni ta'minlovchi murakkab yopish moslamasi yoki ishchi shtiftlarga ega bo‘lgan mahsulotdir.
Mexanik qulflar mo‘ljallangan maqsadi va tuzilishidan qat'i nazar, quyidagi asosiy tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi: korpus, zulfin (lo‘kidon, rigel,), ushlab turuvchi (berkituvchi) moslama va kalitlar. Ko‘plab qulflarda saqlagich moslamalar yoki saqlagich vazifasini bajaruvchi alohida qismlar bo‘ladi. Har bir qulfga bir yoki bir necha shtatli (asl) kalit yasaladi (tegishli bo‘ladi).
8. Qulflarni belgilanmagan tarzda ochish usullari va ularga xos belgilar:
Qulflar to‘siq sifatida «qulfni turli yo‘llar bilan ochish» va «qulfni buzish» bilan bartaraf etiladi. «Qulfni turli yo‘llar bilan ochish (qulfni belgilanmagan tarzda ochish, qulfni ruxsatsiz ochish) va «qulfni buzish» tushunchalari kriminalistikada jinoyat sodir etishda mavjud bo‘ladigan qulflarni bartaraf etish usullarini ta'riflash va o‘zaro farqlash maqsadida ko‘rib chiqiladi.
Ta'kidlash joizki, davlat standartlarida qulflarni buzishni qo‘riqlanadigan ob'ektga kirish (ta'sir ko‘rsatish)ga imkon bermaydigan to‘siqni bartaraf etish maqsadidagi harakatlar, deb talqin etiladi hamda qulflarni buzishni quyidagi ikki turi ajratiladi:
1. Qulflarni texnik jihatdan buzmaydigan buzish usullari: qulflarning mexanik buzilishiga (shikastlanishiga) olib kelmaydigan keng qo‘llaniladigan, chegaralangan tarzda qo‘llaniladigan yoki maxsus tayyorlangan asbob-uskunalar yoxud moslama va qurilmalar yordamida ta'sir qilish usullari.
2. Qulflarning texnik jihatdan buzilishiga olib keladigan buzish usullari: qulflarning tuzilishida dastlabki holatiga qaytarilmaydigan o‘zgarishlar hosil qilish yoki alohida tarkibiy qismlarini mexanik buzish bilan ta'sir qiladigan usullar. Bunda qulfning zulfiniga oson ta'sir qilish imkoniyati yaratiladi, natijada zulfin yoki uzilgan yoki tuzilishi o‘zgargan qulfda erkin (masalan, ixtiyoriy ta'sir ostida) harakat qiladigan bo‘lib qoladi. Buzuvchi ta'sirlar natijasida zulfin o‘zining ishlash tartibini yo‘qotadi.
Kriminalistikada esa qulflarni to‘siq sifatida bartaraf etish usullarining tizimi yaratilgan bo‘lib, ular orasida qulflarni buzish va qulflarni belgilanmagan tarzda ochish ajratiladi.
Qulfni buzish — qulflarga turli ta'sir ko‘rsatish orqali, ularni to‘siq sifatida bartaraf etishga qaratilgan harakatlar. Agar bunda qulfning zulfini harakatlansa ham, u buzilgan qulfda, ya'ni qulf yopish mexanizmining detallariga ta'sir qilish osonlashganda, harakat qiladi.
Qulfni belgilanmagan tarzda ochish (qulfni ochish) — qulfni buzmasdan, uning zulfinining keraklicha harakat qilishiga qaratilgan harakatlar. Jinoyat sodir etishda, qulflarni belgilanmagan tarzda ochishning quyidagi usullari ma'lum:
— tanlangan kalitlar yordamida;
— soxta kalitlar yordamida;
— maxsus ochgich (otmichka)lar yordamida;
— maxsus moslamalar («uistiti») yoki maxsus trubkalar yordamida;
— tasodifiy buyumlar yordamida;
— qulf zulfini mexanik siqish usulida.
Tanlangan kalit deganda, birorta muayyan qulfni ochishga mo‘ljallangan, ammo boshqa qulfni ham ochish mumkin bo‘lgan kalitlar tushuniladi.
9. «Plombalar» tushunchasi va tasniflanishi:
“Plomba” deganda, turli bino, vagon, omborxona va shu kabilarning kirish eshiklariga osiladigan va ushbu joylarga uni buzmasdan kirish imkonini bermaydigan oddiy tuzilishga ega bo‘lgan moslamalar tushuniladi. Plombalarning funksional maqsadi nazorat qilishdan iborat, plombani buzish unchalik qiyin emas.
Plombalarning juda ko‘plab turlari mavjud, ammo harakatlanuvchi ob'ektlarda (vagon, konteynar, transport vositasi) joylashgan yuklarni plombalash uchun quyidagi ikki turdagi plombalardan foydalaniladi:
— polietilen plombalar;
— qo‘rg‘oshin (babbitli) plombalar.
10. Avtotransport vositalariga markirovka belgilarini tushirish va o‘zgartirish usullari hamda ularning tadqiqotlari:
Transport vositalari identifikatsion markirovka belgilarini tekshirish bo‘yicha tavsiyalar. O‘zbekiston mustaqillika erishgandan so‘ng respublika avtoparki, bizning bozorga xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarning kirib kelishi hisobiga keskin ko‘paydi. Bugungi kunda O‘zbekistonning o‘z atomobil sanoati muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, ko‘p miqdorda yengil avtomobil va avtobuslar ishlab chiqarilmokda. Shuniingdek, yangi rusumdagi transport vositasi ishlab chiqarish doimiy ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, “SPARK”, «CHEVROLET MALIBU» (Shevrole Malibu) va «CHEVROLET COBALT» (Shevrole Kobalt) rusumli avtomobillarni ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Oxirgi yillarda tergov organlarining qarorlari bo‘yicha ham, fuqarolar (jismoniy shaxslar)ning arizalari bo‘yicha ham agregatlar markirovkalarining tadqiqotlari soni ortib bormoqda. Bunday tadqiqotlar murakkab jarayondir, chunki ekspertlarning ixtiyorida turli yillarda ishlab chiqarilgan, turli rusm va turli korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan transport vositalarning qismlaridagi zavodning identifikatsion yozuvlarning hosil qilish (tushirish) usullariga bag‘ishlangan maxsus ma'lumotli adabiyotlar yetarli emas. Ma'lumki, ishlab chiqaruvchilar markirovka belgilarini qalbakilashtirishni oldini olish maqsadida, muntazam ravishda markirovka belgilarini yozish usullarini o‘zgartiradilar yoki bu usullarga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritib boradilar. Bu holat markirovka belgilarining ekspertiza tadqiqotlarini ham qiyinlashtiradi.
Xorijdan olib kelinatgan avtomobillar orasida o‘g‘irlanganlari xam uchraydi va ular odatda, markirovka belgilari o‘zgartirilgandan so‘ng foydalanish (oldi-sotdi)ga kiritiladi. Ayrim hollarda, bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida, agregatlari markirovkalari aynan bir xil bo‘lgan “egizak avtomobillar” ham uchrab turadi, bunda bir avtomobilning markirovkasi haqiqiy (zavodda yozilgan), ikkinchi (rangi va rusumi bir xil) avtomobilda esa — markirovka belgilari qalbaki (qayta urilgan) bo‘ladi.
Ekspertiza amaliyotida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar va agregatlarning markirovka belgilarini zavod usulidan tashqari tarzda o‘zgartirish holatlari uchrab turadi. Ba'zida, markirovka belgisi zavodni o‘zida, yozuvlarni yozishda yo‘l qo‘yilgan xatolar oqibatida o‘zgartirilgan bo‘lishi ham mumkin.
Ekspert markirovka belgilari zavod usulida yoki zavod usulidan boshqacha tarzda o‘zgartirilganligini ajratib olishi lozim. Bu jarayonda ekspertlarga «Issledovanie nestandartnыx markirovochnыx oboznacheniy uzlov i agregatov avtotransportnыx sredstv otechestvennogo i zarubejnogo proizvodstva» nomli ma'lumotli-metodik qo‘llanma metodik yordam berishi mumkin.
Yaqin vaqtlargacha ekspertlar ixtiyorida, agregatlarning (xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar) markirovka belgilarining tadqiqotlariga oid birgina Rossiyalik kriminalist A.A. Nagaytsevning o‘quv qo‘llanmasi mavjud edi. O‘chirilgan yoki urilgan raqamlarning tadqiqotlari bo‘yicha ekspertlar B.M. Komarinetsning o‘quv-metodik qo‘llanmasi yoritilgan metodikadan foydalanib kelganlar.
G’.A.Elamonov – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Qashqadaryo viloyat bo’limi davlat sud eksperti