Янгиликлар
Sodda talqin: maqsadli qabul haqida nimalarni bilish kerak?
Ayni kunlarda yurtimizda oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirish jarayonlari avjida. Bunda abituriyentlar “maqsadli qabul” atamasiga duch keladilar. Quyida “Hudud24” kolumnisti Huquqshunos Neʼmatullo Zamonov “maqsadli qabul”ni sodda qilib tushuntiradi.
Maqsadli qabul nima?
Talab yuqori boʻlgan ayrim iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari uchun oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan davlat buyurtmasi parametrlari asosida viloyat (shahar, tuman) kesimida maqsadli qabul amalga oshiriladi.
Boshqacha qilib aytganda, ayrim hududlarda (viloyat yoki tumanda) maʼlum bir sohadagi kadrlarga talab yuqori boʻladi. Deylik, Namangan viloyatining Chust tumanida tibbiyot sohasidagi kadrlar yetishmovchiligi mavjud. Mana shu ehtiyojni qondirish uchun Chust tumanida yashovchi abituriyentlar uchun, masalan, Andijon davlat tibbiyot institutining muayyan yoʻnalishidan umumiy tanlovdan tashqari alohida grant taklif etiladi. Aytaylik, Davolash ishi (Chust tumani) yoʻnalishi uchun 5 ta grant ajratildi. Bu yoʻnalishga faqat chustlik abituriyentlar topshira olishi va oʻzaro bellashishi mumkin: 20 ta chustlik talaba topshirgan boʻlsa, shular orasida 5 ta grantni egallash uchun “jang” ketadi. Grantni egallay olmay qolgan 15 nafar chustlik imtihon topshiruvchilar oʻqishga kirolmagan hisoblanadimi? Yoʻq, ular umumiy tanlovga oʻtkazib yuborilib, respublika miqyosida hujjat topshirgan boshqa abituriyentlar bilan umumiy kvota doirasida ishtirok etaverishadi. Yetarli ball toʻplay olsa, davolash ishi yoʻnalishida oʻqiyverishi mumkin.
Kelishuv: grant evaziga ishlab berish
Talaba maqsadli qabul bilan grant asosida oʻqishga kirgach, davlat byudjeti asosida taʼlim oladi. Oʻqishni tugatgach esa bu talabaga tegishli hokimlik bilan tuziladigan shartnomaga muvofiq belgilangan muddatda ishlab berish majburiyati yuklatiladi.
Umumiy tanlov va maqsadli qabul
Maqsadli qabulni tanlagan abituriyentga mazkur taʼlim yoʻnalishida ham maqsadli ham umumiy tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
Maqsadli qabulni tanlamagan abituriyentga esa mazkur taʼlim yoʻnalishi boʻyicha faqat umumiy tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi. Maqsadli tanlovda esa ishtirok eta olmaydi.
Deylik, Toshkent tibbiyot akademiyasi “Davolash ishi” taʼlim yoʻnalishida maqsadli qabul asosida tanlov imkoniyati yaratilgan – Mirobod tumani uchun 2 ta joy mavjud. Bundan tashqari ushbu yoʻnalish uchun umumiy kvota doirasida 100 ta oʻrin ajratilgan. Agar Mirobodda doimiy yashovchi abituriyent shundan maqsadli qabulni tanlasa, avval davlat granti asosidagi 2 ta kvota doirasida tanlovda ishtirok etadi. Maqsadli kvota doirasida oʻqishga kira olmasa, keyin toʻlov kontrakt asosidagi 100 ta kvota doirasidagi umumiy tanlovda ham ishitirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.
Biroq maqsadli qabulga rozilik bildirmagan abituriyentda bunday imkoniyat yoʻq. Yaʼni u ham maqsadli kvota ham umumiy kvota doirasidagi tanlovda ishtirok eta olmaydi. Umumiy tanlov uchun ajratilgan 100 oʻrin uchun kurashadi, xolos.
Maqsadli qabul – 2023
Joriy yilda OTMlarga maqsadli qabul ushbu soha va toifalar kesimida amalga oshiriladi:
· Sogʻliqni saqlash;
· Pedagogika (olis, chekka va togʻli hududlarda joylashgan umumtaʼlim maktablari uchun);
· Veterenariya;
· Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar;
· Xotin-qizlar uchun;
· 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar uchun;
· Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun;
· “Mehribonlik uyi” va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari boʻlgan chin yetimlar, SOS – Bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar uchun;
· Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlganlar uchun.
hudud24.uz saytidan olindi.