Янгиликлар
Bogʻchalarga qabul: muhim 7 savolga javob
7 yoshga toʻlgan bolalar bogʻcha bilan xayrlashib, maktabga yoʻl oldi. Ushbu mavsumda respublika boʻylab barcha davlat maktabgacha taʼlim muassasalari 3 yoshli bolalarning katta guruhini qabul qiladi. Bogʻchalarda joy boʻshayotgani evaziga navbatlar tezroq keladimi? Bolalarni MTTga joylashtirish tartibi qanday? Bogʻchaga navbati kelgan bolalarning ota-onalari nimalarni bilishi kerak? Shu kabi muhim savollarga Maktabgacha taʼlim agentligi masʼul xodimi Gulbahor Parpiyeva javob berdi:
1. Joriy yilda respublikadagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qancha bolalarni qamrab olish rejalashtirilgan?
Bugungi kunda respublika boʻyicha jami 2 930 844 nafar 3-7 yoshli bolalardan 72,8 foizi, yaʼni 2 133 187 nafari maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan.
2023-yil yakuniga qadar jami 2 183 479 nafar, 3-7 yoshli bolalarni bogʻchalarga jalb qilib, bu koʻrsatkichni 74,5 foizga yetkazish koʻzda tutilyapti.
2. 7 yoshga toʻlgan bolalar maktabga chiqqach, bogʻchalarda joy boʻshaydi. Navbat tezroq keladimi?
Maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish asosan bogʻcha tarbiyalanuvchilari maktabga chiqqach, boshlanadi. Boʻshagan oʻrinlarga mos ravishda maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashish uchun navbatga qoʻyilgan bolalar Hukumat tomonidan tasdiqlangan reglamentga asosan navbat asosida ketma-ketlikda qabul qilinadi.
Bolalarga yoʻllanma asosan may va avgust oylarida shakllanadi, chunki boshqa oylarga qaraganda mayning yakuni bilan, ayrim ota-onalar bolalarini dam olish maskanlari yoki boshqa taʼlim dargohlariga jalb qilishadi, avgust oyida esa maktabga chiqish davri boʻladi. Shu bilan birga, bolalarning tugʻilishini ham inobatga olishimiz kerak, misol tariqasida 2022-yil yakunida Oʻzbekiston boʻylab 900 000 dan ortiq bolalar tugʻilgan. Bogʻchalar soni esa hali yetarli emas, ammo bolalarning qamrovini oshirish borasida amaliy ishlar qilinyapti.
3. Kimlar navbatda imtiyozga ega? Ilgari 3 bolali oilaning farzandi imtiyozli roʻyxatga qoʻyilardi, hozir DXMlarda imtiyoz faqat 4 bolali oilalarga deyilyapti.
Reglamentga asosan:
bolalarning quyidagi kontingenti imtiyozli roʻyxatga kiritiladi:
· I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning bolalari;
· koʻp bolali oilalarning bolalari;
· yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
· “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning farzandlari;
· kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari;
· talabalar va pedagoglarning bolalari;
· akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan boʻlgan bolalar;
· koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga oʻtkazilayotgan sogʻaygan bolalar.
Maʼlumot uchun: Oila kodeksining 41-moddasiga asosan toʻrt nafar va undan ortiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oila koʻp bolali oiladir.
4. Ayrim MTTlarda minglab bolalar navbatda turadi. Bolalar 3 yoshdan oshib ham yillab ularning navbati kelmaydi. Bunday bogʻchalarda qoʻshimcha guruhlar tashkil qilinsa boʻlmaydimi?
Maktabgacha taʼlim agentligi tomonidan har oy kesimida bolalarni navbati masalasida tahlil olib boriladi va tahlil natijasiga koʻra, qaysi hududda MTT qurilishi yoki DXSH asosidagi oilaviy MTTlarni soni koʻpaytirish zarurligi koʻrib chiqiladi. 2017-yilga qadar bogʻchalar soni keskin kamayib ketgan. 1991-yillarda Oʻzbekisiton boʻylab bogʻchalar soni 11 mingdan ortiq edi, 2017-yilga kelib ularning soni 5 211ga kamaygan. Davlat rahbarining tashabbusi bilan ushbu soha qayta isloh qilinyapti va bugungi kunga kelib MTTlar soni 29 420 tani tashkil etmoqda.
Agar bogʻchalarda boʻsh guruhlar vujudga kelsa, albatta, ushbu bogʻchada qoʻshimcha guruhlar oʻrnatilgan tartibda shakllanadi.
5. Yoʻllanmani olgach, uni qancha muddat ichida rasmiylashtirish kerak?
Agar ariza beruvchi bolalarni tashkilotga qabul qilishni yoʻllanma shakllangandan soʻng 15 ish kuni mobaynida rasmiylashtirmagan taqdirda, yoʻllanma haqiqiy emas deb hisoblanadi.
6. Ayrim MTTlarda 2 yoshli bolalarni ham qabul qiluvchi guruhlar bor. Bular qanday guruhlar va nega hamma bogʻchalarda yoʻq?
Toshkent shahridagi Mirzo Ulugʻbek tumani 466-sonli, Mirobod tumani 174-sonli, Olmazor tumani 130-sonli, Yunusobod tumani 163, 498-sonli, Yakkasaroy tumani 250-sonli kam quvvat bilan faoliyat yuritayotgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, pullik xizmat koʻrsatish shaklida 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida boʻsh xonalari mavjud boʻlib, ushbu maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylash uchun navbatda turgan maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar boʻlmagan taqdirda pullik xizmat koʻrsatish shaklida 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishga ruxsat etilgan.
Agarda ushbu davlat maktabgacha taʼlim tashkilotidagi boʻsh xonalarda yangi guruhni tashkil etish uchun maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar navbati shakllanadigan boʻlsa, pullik xizmat koʻrsatish shaklida 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun tashkil etilgan guruhlar faoliyati toʻxtatilib, maktabgacha taʼlim yoshidagi 3-6 yoshli bolalar uchun guruhlar shakllantiriladi.
7. Jamoatchilikda va faollar orasida bogʻcha yoshini 2 yosh deb belgilash boʻyicha mulohazalar koʻpdan beri bor. Bu boʻyicha biror ish qilinyaptimi? Takliflar inobatga olinadimi?
Jamoatchilik fikri va ota-onalar bilan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalarini inobatga olgan holda umumiy turdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilinadigan bolalarning yoshiga boʻlgan talabni qayta koʻrib chiqish boʻyicha tahliliy maʼlumotlar va takliflar tayyorlanmoqda.
hudud24.uz saytidan olindi.