Янгиликлар
07
Konstitutsiyani oʻrganamiz
Konstitutsiyamizning 33-moddasi: (https://lex.uz/docs/6445145#6445542) “Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Davlat Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur boʻlgan doirada yoʻl qoʻyiladi”.
Fikr, soʻz va eʼtiqod erkinligi insonning fundamental huquqlari hisoblanadi.
Internetdan foydalanish uchun shart-sharoit yaratish, eng avvalo, axborotni izlash, olish, almashish va tarqatishni, shu jumladan, soʻz erkinligi huquqini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Axborot erkinligi bilan bir qatorda mazkur moddada izlash, olish va tarqatish taqiqlangan axborotning turlari aniq sanab oʻtilgan. Shu doiradan boshqa doiralarda axborot erkinligini cheklash mumkin emas.
Boshqa shaxslarning huquqlari va obroʻ-eʼtiborini hurmat qilish uchun yoki davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki maʼnaviyatini muhofaza etish uchun shaxsning ayrim huquq va erkinliklari cheklanishi mumkinligi Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda ham belgilangan.