Янгиликлар
NOGIRONLIGI BOʻLGAN SHAXSLARNING OVOZ BERISH HUQUQLARINI TA'MINLASHGA ALOHIDA E'TIBOR QARATILMOQDA
Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati viloyat boʻlimi raisi Baxtiyor Botirov, jamiyatning Qarshi shahar boʻlimi raisi Nigmat Aliqulov va Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi viloyat boʻlimi raisi Nilufar Bozorova 13-Qashqadaryo saylov okrugida boʻlishib, saylovga tayyorgarlik jarayonida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar holatini oʻrganishdi.

Okrug saylov komissiyasi raisi Isoq Ahmedov ularga viloyatda tashkil etilgan 1007 ta uchastka saylov komissiyalarida aʼzolarning 330 nafarini (3,7 foizi) nogironligi boʻlgan shaxslar tashkil etishini, saylov uchastkalarini jihozlashda nogironligi boʻlgan shaxslarning ovoz berish huquqlarini taʼminlash uchun sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini maʼlum qildi.

Xususan, ularga alohida, maxsus jihozlangan kabinalar ajratilishi, kirish va chiqish joylarida talablar darajasidagi panduslar joylashtirilishi, koʻrish imkoniyati cheklanganlarni brayl alifbosidagi byulleten trafareti bilan taʼminlash, uyda yotib qolganlar uchun imkoniyatlar yaratish, saylov uchastkalariga surdo tarjimonlar jalb qilish, tibbiy xizmatni tashkil etish singari masalalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.




Nogironlar jamiyati va assotsiatsiya vakillari bu borada oʻzlarining tavsiyalarini berishdi, ular bilan hamkorlikda bu yoʻnalishda hududlardagi saylov uchastkalarida muntazam monitoring olib borishga kelishib olindi.