Янгиликлар
23
ADLIYA ARALASHGACH: PENSIYA MUDDATIDAN OLDIN TAYINLANADIGAN BO'LDI
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasida texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar, erkaklar 58 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil hamda ayollar 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar, deb belgilangan.
Shahrisabz tumani, “Avazmalik” MFY, Avazmalik qishlog‘ida yashovchi fuqaro M.Rustamova viloyat adliya boshqarmasiga muddatidan oldin pensiya tayinlashda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qilgan.
2022-yilning 7-fevralidan fuqaro M.Rustamovaning fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organidagi ish o‘rni qisqarganligi uchun u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan va Shahrisabz tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktorining 2022-yil 27-apreldagi buyrug‘i bilan ishsiz deb e’tirof etilgan hamda ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
Shu vaqda, fuqaro M.Rustamova 53 yoshga to‘lgan, biroq muddatidan oldin pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan bo‘lsada, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Shahrisabz tuman bo‘limiga taqdimnoma berilmagan.
Mazkur holatga adliya boshqarmasi aralashgach, 2022-yil 19-dekabr kuni Shahrisabz tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun taqdimnoma berildi va fuqaro M.Rustamovaga muddatidan oldin pensiya tayinlandi.
Inson huquqlarini himoya
qilish bo‘limi boshlig‘i E. Ismoilov