Янгиликлар
Men kar-soqovligim sababli nogironlik nafaqasi olaman. Qanday qilib notarial harakatni amalga oshirsam bo'ladi?
“Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to'g'risida”gi Yo'riqnomaning (ro'yxat raqami 3113, 2019 yil 4 yanvar) 8-bandiga ko'ra, notarial harakatni amalga oshirishni so'rab kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog'i og'ir) bo'lgan shaxs murojaat qilsa hamda u savodsiz bo'lsa, notarial harakatni amalga oshirish paytida u bilan muomala qila oladigan va bitim, ariza yoki boshqa hujjatning mazmunini uning xohish-irodasiga muvofiq ekanligini o'z imzosi bilan tasdiqlovchi surdo tarjimon hozir bo'lishi shart.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog'i og'ir) bo'lgan hamda muomala layoqatiga ega bo'lgan savodli fuqaro notarial harakatlarni amalga oshirishni so'rab murojaat qilsa, bitim, ariza yoki boshqa hujjat uning o'zi tomonidan va surdo tarjimon tomonidan imzolanishi mumkin.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog'i og'ir) bo'lgan, muomala layoqatiga ega bo'lgan, biroq surdo tarjimon bilan muloqot qila olmaydigan savodli fuqaro o'z imzosi bilan bitim, ariza yoki boshqa hujjatning mazmunini o'zining xohish-irodasiga muvofiq ekanligini notarius bilan yozma ravishda bildiradigan bo'lsa, notarial harakatlarni amalga oshirishda surdo tarjimonning ishtiroki shart emas. Ushbu yozishmalar bitim, ariza yoki boshqa hujjatlar bilan birga tikib qo'yiladi.
Huquqiy xizmatlar bo'limi bosh maslahatchisi O.Bo'riyev