Янгиликлар
Odam savdosining salbiy oqibatlari
Sayyoramizda bir qator global muammolar borki, bular sirasiga bevosita odam savdosi singari transmilliy jinoyatlarni ham kiritish mumkin. Yildan-yilga bu illatdan jabr chekayotganlar, uning qurboni bo'layotganlar soni ortib bormoqda. Hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug'dirmoqda. Odam savdosidek og'ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishi bilan naqadar jirkanch ko'rinishga ega.

Aytish lozimki, bugungi kunga kelib odam savdosining avj olishiga, ya'ni insonni qandaydir bir buyum sifatida, ta'bir joiz bo'lsa insonni oldi-sotdining ob'ekti sifatida foydalanilishi, ularning huquq va erkinliklarining poymol etilishiga quyidagilar sabab bo'lmoqda:
odam savdosi kabi noqonuniy faoliyat turi bir yoki bir necha a'zolardan iborat guruhlarning serdaromad manbasiga aylanib borayotgani, ya'ni ularning hech qanday og'ir va mashaqqatli mehnatlarsiz mo'may daromad olishga urinayotganligi;
odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning soddaligi, o'zining, yaqinlarining taqdiriga va kelajagiga befarqligi, loqaydligida. Ya'ni eng oliy ne'mat hisoblanmish erkin hayot tushunchasiga nisbatan engil va beparvolik bilan qarashlari oqibatida ushbu odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchilarning o'ljasiga, aniqrog'i ularning oson daromad manbaiga aylanib qolmoqdalar;
odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchi shaxslar o'zlarining tanishlari, yaqin qarindoshlariga nisbatan, ya'ni ularning ishonchiga kirib olib, ularning odam savdosini qurboniga aylanib qolishiga sababchi bo'layotganligida;
odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning or-nomus qilib, ko'rgan xo'rliklari, ularga nisbatan ishlatilgan turli xildagi jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar haqida yohud o'zining noqonuniy ravishda chegarani buzib chiqib, chet davlatda hech qanday davlat ro'yxatidan o'tmasdan, noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganligidan qo'rqib bular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmasligi.
Insoniyat tarixida odam savdosiga qarshi kurashish XIX asr oxiri va XX asr boshlarida xotin-qizlarning Evropadan Amerika va Shimoliy Afrika qit'alariga keng ko'lamli migratsiyasi hamda ayollarni Evropaga sotish hodisasi kuzatilgan. Bu hodisaga barham berish maqsadida Parijda 1902 va 1910 yillarda ikkita konferentsiya o'tkazilib, “Oq qullar savdosiga qarshi kurash” nomli butunjahon Konventsiyasi qabul qilingan.
Keyinroq ushbu konventsiya “Ayollar va bolalar savdosini yo'qotish” va “voyaga etgan ayollar savdosini yo'qotish” nomli butunjahon Konventsiyalari bilan to'ldirilgan. Odam savdosi muammosiga qarshi kurashishning keyingi tarixiy jarayonlari sekin-asta rivojlanib, 1948 yilda "Inson huquqlari" umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilingan.