Янгиликлар
Adliya aralashgach
Qarshi shahar, “Beglar” mahallasida yashovchi fuqaro M.Umirova turmush o‘rtog‘ini ish bilan ta’minlanmaganligidan norozi bo'lib, viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi. Bu holat boshqarma tomonidan o‘rganib ko‘rilib, Qarshi shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga qonun hujjatlari ijrosining buzilishi, uning sabablari hamda bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.
“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida maqbul keladigan ish - fuqaro bajarishga qodir bo‘lgan, fuqaroning olgan ma’lumoti yo‘nalishi va ixtisosligiga, malakasiga, kasbiy tayyorgarligiga, ish tajribasiga, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mos keladigan, yashash joyini o‘zgartirishini nazarda tutmaydigan, uning doimiy yashash joyidan unchalik uzoq bo‘lmagan hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqini kafolatlaydigan ish ekanligi belgilangan.
Shuningdek, ushbu Qonunning 31-moddasida mahalliy mehnat organi ish qidirayotgan shaxsga bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari ko‘payishiga qarab, u ishga joylashguniga yoki hisobdan chiqarilguniga qadar maqbul keladigan ishni taklif etishi shartligi ko‘rsatilgan.
Mazkur Qonunning 34-moddasida maqbul keladigan ishga doir takliflar mavjud bo‘lmagan va ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ish qidirayotgan shaxs ishsiz deb e’tirof etilishi hamda unga ishsizlik nafaqasi tayinlanishi belgilangan.
Adliya aralshuvi bilan fuqaro M.Umirovaning turmush o'rtog'i E. Negmatovga Qarshi shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ishsizlik nafaqasi tayinlandi.