Янгиликлар
Yangi Konstitutsiyada tibbiy yordamning kafolati
“Asosiy vazifamiz — tibbiyot sohasini yuqori samara bilan
ishlaydigan, chinakam xalqchil tizimga aylantirishdan iborat”
Shavkat Mirziyoyev
Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizgʻin pallaga kirdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.
Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga koʻra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlashga qaratilgan.
Konstitutsiyaviy islohotlar keng qamrovli bo‘lib, ulardan eng e’tiborlisi sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish masalasi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyish bilan bogʻliq.
Loyihaga ko‘ra, Konstitutsiyamizning 40-moddaga sog‘liqni saqlashga oid quyidagicha normalar qo‘shilyapti:
· O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham o‘z ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli.
· Davlat sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, tibbiy sug‘urtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
· Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
· Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
Shuningdek, Konstitutsiyaga 401-modda qo‘shilmoqda, “Har kim sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqiga ega”.
Bugungi kunda, tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda. Buni birgina misol, ya’ni, qisqa davrda buyrak, jigar va o‘zak hujayralarda 700 dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganida ham ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari jamiyatda yashovchi har bir shaxsning malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi uning vatanga bo‘lgan ertangi ishonchini yanada oshiradi. Shunga ko‘ra Konstitutsiyamizda mamlakatda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lashda sog‘liqni saqlash tizimi ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.
Shuning uchun ham yurtimizda tinchlik va sog‘liqni ta’minlashga erishsak, qolgan hamma narsaga erishamiz.
Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi
mas’ul xodimi R.Raxmonov