Янгиликлар
G‘uzorda uch nafar fuqaroga tug‘ilganlik haqida guvohnomalar topshirildi
G‘uzor tumani Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan ota-onasining e’tiborsizligi sabab tug‘ilishi qayd qilinmagan uch nafar fuqaroga tug‘ilganlik haqida guvohnomalar topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyundagi «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan sayyor qabullar va uyma-uy yurishlar davomida fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari qayd etilgan yoki etilmaganlik holati o‘rganilib, muammolarni o‘z vaqtida hal qilish choralari ko‘rilmoqda, deydi viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yilning 6 oyi davomida ishchi guruh tomonidan aniqlangan 29 nafar turli yoshdagi fuqarolarning tug‘ilganligi G‘uzor tumani FHDY bo‘limi tomonidan qayd qilingan.
G‘uzor tumani FHDY xodimlari tomonidan aka-ukalar 2000 yilda tug‘ilgan Murodbek, 2001 yilda tug‘ilgan Asadbek hamda 2003 yilda tug‘ilgan Elbek Batirovlarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari topshirildi.
«E’tiborsizligimiz sabab farzandlarimga o‘z vaqtida tug‘ilganliklari to‘g‘risidagi guvohnomalarni ololmaganmiz. Qolgan ishga qor yog‘adi, deyishganidek ‘metrika’ olishimiz cho‘zilib ketdi. Ba’zida farzandlarimga hujjatlari kerak bo’lganida javob berishga qiynalardik. Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsada tug‘ilganligini qayd etib, guvohnoma berishdi. Bizga yordam qilgan barchadan minnatdormiz», — deydi Abdusamad Batirov.