Янгиликлар
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyundagi PQ–282-son qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishga doir davlat xizmati ko‘rsatish tartibini yanada soddalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyundagi PQ–282-son “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berishga doir davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun Davlat personallashtirish markazi bir oy muddatda biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish tizimini “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali quyidagi axborot tizimlariga integratsiya qilishini ta’minlashda:
* Adliya vazirligi bilan birgalikda:
“FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga — nikoh va oila a’zolari, vafot etganlik, yolg‘iz ona yoki yolg‘iz ota haqidagi ma’lumotlarni olish;
“Notarius” axborot tizimiga — vasiylar va ota-onalarning roziligini, hamrohlik qiluvchi shaxsning majburiyatini tekshirish;
* Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda:
“Tezkor ma’lumotlar” axborot tizimiga — sudlanganlik, ma’muriy nazoratda turganlik, shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo va shartli hukm qo‘llanilganlik, shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganlik holatlarini tekshirish;
“Manzil” axborot tizimiga — ota-onadan birining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxati xorijga doimiy yashashga ketganligi munosabati bilan bekor qilinganligini tekshirish;
* Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “Yagona milliy mehnat tizimi” axborot tizimiga — oxirgi besh yilda ishlagan joyi haqidagi ma’lumotlarni olish;
* Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bilan birgalikda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga — ushbu axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish;
* Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda “TIEK” axborot tizimiga — 1 va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish.