Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Apostil qoʻyish deganda nimalar tushuniladi?


Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi qarori 1-ilovasiga asosan “Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlangan va amaliyotga joriy qilingan.

Xoʻsh, apostil va apostil qoʻyish deganda nimalar tushuniladi?

Apostil — maxsus shtamp. U hujjatni imzolagan shaxsning imzosi, shu hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan, Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiyaga muvofiq berilayotgan rasmiy hujjatga qoʻyiladi va undan chet elda foydalanish imkonini beradi. Oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdiki, apostil qoʻyish ushbu hujjatni imzolagan shaxsning imzosi, muhr yoki shtamp izi haqiqiyligini tasdiqlashning rasmiy tartib-qoidasidir.

Shuningdek, apostil qoʻyish tartibida “yulduzcha” ham mavjud. Yulduzcha — hujjat varaqlari mahkamlanadigan joyga yopishtiriladigan hamda apostil qoʻygan vakolatli davlat idorasining gerbli muhri bosiladigan qalin qogʻoz. Apostil shakli oʻzbek yoki ingliz tilida toʻldiriladi. U qoʻyilganidan soʻng qoʻshimcha ravishda tasdiqlashni talab etmaydi.

Masalan, xorijiy davlatlarda oʻqiyotgan, vaqtincha ishlayotgan yoki xizmat safarida boʻlgan chogʻda tugʻilgan farzandlari uchun oʻzi doimiy roʻyxatda turgan davlatdan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani oladigan fuqarolarga apostil shtampisiz guvohnoma berilmaydi. Bizning davlat tashkilotlarimiz bergan rasmiy hujjatlarni xorijdagi rasmiy idoralarga topshirish va ular xorijda tan olinishi uchun ularga maxsus shtamp — “Apostille” qoʻyilgan boʻlishi shart.

Adliya vazirligi tashabbusi bilan “Apostil” uchun toʻlov miqdori keskin kamayganini ham alohida taʼkidlash lozim. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-fevraldagi qarori bilan Oʻzbekistonda tuzilgan rasmiy hujjatlarga shtamp — “Apostil” qoʻyish uchun toʻlov miqdori 10 baravar kamaytirildi, yaʼni 172240 soʻmdan 17224 soʻmga tushirildi.

Quyidagi toʻrtta tashkilot rasmiy hujjatlarga maxsus shtamp qoʻyish vakolatiga ega, jumladan:

— sudlar, adliya organlari va muassasalaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga — Adliya vazirligi;

— prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan chiqadigan rasmiy hujjatlarga — Bosh prokuratura;

— taʼlim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi;

— boshqa har qanday rasmiy hujjatlarga — Tashqi ishlar vazirligi.


Shahrisabz tuman FHDYO mudirasi Z.VAFAYEVA