Янгиликлар
01
YIGIRMA YILDA TO'G'RILANGAN XATO
Aholi bilan bo'ladigan uchrashuvlarda ko'plab kutilmagan hodisalar uchrab turadi. Ammo bunisi boshqalariga sira o'xshamaydi... Yigirma yil davomida hujjatlarda o'g'il bola bo'lib kelgan qizga nihoyat o'zining haqiqiy ismi yozilgan guvohnoma berildi.
Bu voqea kecha Dehqonobod tumanidagi Duob va Terakli mahallalarida istiqomat qilayotgan aholi vakillari ishtirokida tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo'limi tomonidan o'tkazilgan sayyor qabulda kuzatildi.
Kimningdir xatosi, boshqalarning loqaydligi tufayli shu paytga qadar hujjatlarda “Shafoatov Olim” deb yuritilgan Muqaddamdan-da baxtli odam bo'lmasa kerak hozir. U yangi, ichida bosh harflar bilan dona-dona qilib “SHafoatova Muqaddam Ravshan qizi” deb yozilgan “Tug'ilganlik haqida guvohnoma”ni qo'liga olar ekan, ko'z yoshlarini tiya olmaydi. Ko'zlaridan sizib chiqqan har bir tomchi nafaqat yuzini, yillar davomida yuragida qolgan dardlarni, tengdoshlarining “Olim, Olim” deb chaqirishlarining og'riqlarini, xijolatda o'tkazgan yillari va javobi qiyin savollarning alamlarini yuvayotgandek edi go'yo.
- Bu hududda yiliga ikki marta ana shunday tadbirlar tashkil etiladi, - deydi tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo'limi mudirasi Ozoda Ashurova. - Tuman markazidan qariyb 180 kilometr uzoqlikda joylashgan tog'li hududga faqat bahorning oxiri va yoz faslida borish mumkin. Qolgan vaqtlarda kuchli yomg'irlar va qor avtomashinalar harakatini qiyinlashtirib qo'yadi. Balki shundanmi, o'zining hayot tarzi bilan bog'liq muammolar va masalalar bilan mashg'ul bo'lgan odamlar xat-hujjat ishlariga ko'p-da e'tibor bermaydilar.
Darhaqiqat, qabuldagi murojaatlarning ham hujjatlar bilan bog'liq bo'lganligi shundan.
Sayyor qabulda Ozoda Ashurova bilan birga tuman oila, xotin-qizlar qo'mitasi raisi Mehri Yo'ldosheva va tuman ichki ishlar bo'limi katta inspektori, podpolkovnik Nodira Rajabova ham qatnashdi.
Qabul davomida 17 nafar bolaga tug'ilganligi, 8 ta oilaga esa nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalar topshirildi. Ko'plab fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi. Ajrim yoqasidagi oilalar bilan suhbatlar o'tkazildi.
Albatta, sayyor qabullar odamlarning uzog'ini yaqin, og'irini yengil, mushkulini oson qilayapti. Muammolarga yechim topishda muhim o'rin tutayapti. Ana shu sa'y-harakatlarning natijasi o'laroq, birgina Dehqonobod tumanining o'zida o'tgan yilning dastlabki to'rt oyi bilan taqqoslaganda, ajrimlar soni 43 tadan 13 taga tushdi.
Kecha sayyor qabulda yana bir oilaga quvonch ulashildi. Turmush qurganiga 4 yil bo'lgan, shar'iy nikoh orqali bir oila bo'lib yashab kelgan kelin-kuyovga nikoh guvohnomasi topshirildi.
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi