Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Adliya ko‘magida fuqaro ishga tiklandi


Qarshi shahrida yashovchi fuqaro F.Jumayeva Qarshi temir yo‘l shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlardi.

Yoshiga yetib pensiyaga chiqqach, shifoxona rahbariyati u bilan mehnat shartnomasini bekor qiladi. Bundan norozi bo‘lgan F.Jumayeva viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi. 

Aniqlanishicha, joriy yilning 7 mart kuni fuqaro F.Jumayeva kasalxona bosh shifokorining 61-son buyrug‘iga asosan 2021 yil 1 yanvar kunidan pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 7-bandiga asosan bekor qilingan. 

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorining 1-bandida 2019 yil 1 maydan ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra, bekor qilish taqiqlanishi nazarda tutilgan. 

– Fuqaro F.Jumayevaning manfaatini ko‘zlab javobgar Qarshi temir yo‘l shifoxonasiga nisbatan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqni g‘ayriqonuniy deb topib bekor qilish, da’vogarni ishga tiklash va majburiy ishga kelmagan kunlari davri uchun ish haqlarini hamda ma’naviy zararni undirish haqida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi, – deydi inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i E.Ismoilov. – Mazkur da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, joriy yilning 17 may kuni da’vo arizasini qanoatlantirish, ya’ni fuqaro F.Jumayevani o‘z ish joyiga tiklash, majburiy ishga kelmagan kunlari uchun 7 million 42 ming 18 so‘m ish haqi va 3,5 million so‘m ma’naviy zarar undirish haqida hal qiluv qarori chiqarildi. 

O‘lmas Barotov, O‘zA.