
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda, paxta va gʻalladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bogʻdorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish sohasida eksportbop qishloq xoʻjaligi ekinlari ekishni koʻpaytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimini yaratildi.
Fuqarolarni daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda oʻz tadbirkorligini tashkil etishga koʻmaklashish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 23.11.2021-yildagi PQ-20-son qaroriga asosan, fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va gʻalla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha boʻlgan oʻlchamda ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida yer maydonlari ajratib berilmoqda.
Xo'sh davlat xizmatlari markazi xodimlari bu jarayonda qanday vazifani bajaradi? Fuqarolar ERI (elektron raqamli imzo) kaliti orqali https://e-auksion.uz/ elektron tizimdan roʻyxatdan oʻtib, ushbu elektron tizimda fuqarolar tegishli band “Dehqon xoʻjaligi yerlar ijarasi” boʻyicha ochiq elektron tanlov orqali ishtirok etadilar hamda tanlov gʻolibi yer maydoniga egalik qiladi.
Bunda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan ehtiyojmand oilalar imtiyozlarga ega boʻladilar. Ochiq elektron tanlov orqali 10 yillik ijara huquqi asosida yer maydonlariga ega boʻlgan fuqarolar asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklari tashkil etadilar. Dehqon xoʻjaliklari tashkil etish oʻz navbatida tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan https://bo.birdarcha.uz/ orqali amalga oshiriladi.

Fuqarolar dehqon xoʻjaliklari tashkil etish uchun fuqarolik pasportini taqdim etgan holda murojaat qiladilar. Dehqon xoʻjaliklarini tashkil etishda davlat boji undirilmaydi.
Qarshi tumani Fayzobod mahalla fuqarolar yig'ini Fayzobod qishlogʻida yashovchi fuqaro Burxonov Xurshid Hamrayevich, ochiq elektron tanlov orqali gʻolib boʻlib, dehqon xoʻjaligini tashkil etish maqsadida tuman Fayzobod qishlogʻida joylashgan yer maydonini davlat roʻyxatidan oʻtkazish maqsadida fuqarolik pasporti hamda gʻoliblik bayonnomasi bilan murojaat qilganida tuman davlat xizmatlari markazi orqali tegishli tartibda yakka tartibdagi tadbirkor yuridik shaxs tashkil etmagan holda dehqon xoʻjaligi tashkil etishiga koʻmak berildi.