Янгиликлар
2022-yilning 1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan
Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 35-moddasiga koʻra, Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi (keyingi oʻrinlarida “boshqarma” deb yuritiladi) va tuman (shahar) adliya boʻlimlari (keyingi oʻrinlarida “adliya boʻlimlari” deb yuritiladi) tomonidan 2022-yilning 1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish yuzasidan umumlashtirish oʻtkazildi.
Umumlashtirish jarayonida quyidagilar aniqlandi.
Boshqarma va uning tizimidagi tuman (shahar) adliya boʻlimlariga
2022-yilning 1-choragi davomida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari tomonidan jami 3 016 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, shundan
592 tasi yozma, 2 tasi elektron, 2 209 tasi ogʻzaki, 1 tasi veb-sayt orqali, 212 tasi virtual qabulxona orqali kelib tushgan, shundan jami kelib tushgan murojaatlarning 94 tasi “Ishonch telefoni” orqali hisoblanadi.

Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan solishtirilganida murojaatlar 745 taga (2 271 ta) yoki 32 foizga koʻpaygan boʻlib, koʻpayganligining asosiy sababi sifatida aholi tomonidan adliya organlariga boʻlgan ishonch ortayotganligini koʻrsatishimiz mumkin.
Kelib tushgan jami 3 016 ta murojaatlarning 596 tasi boshqarmaga,
2 420 tasi tuman (shahar) adliya boʻlimlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Boshqarma faoliyati boʻyicha:
Boshqarmaga kelib tushgan 596 ta (55 ta murojaat oʻtgan yildan qoldiq boʻlib oʻtgan, 94 tasi ishonch telefoni orqali, shundan 5 tasi oʻtgan yildan qoldiq) murojaatlarning 249 tasi Adliya vazirligidan kelib tushgan boʻlib, 460 tasi boshqarma apparatida koʻrib chiqilgan, 109 tasi tegishli idoralar va hokimiyatlarga yuborilgan, 4 tasi koʻrmasdan qoldirilgan, 78 tasi koʻrib chiqilmoqda.
Boshqarmaga kelib tushgan murojaatlarni oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 14 taga (582 ta) yoki 2,4 foizga koʻpayganligini koʻrishimiz mumkin.

Kelib tushgan jami murojaatlarining 349 tasi inson huquqlarini himoya qilishga oid, 98 tasi notariat va advokaturaga oid, 71 tasi ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotiga oid, 56 tasi kadrlar sohasiga oid, 13 tasi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga oid, 9 tasi yuridik xizmatlar faoliyatiga oid hisoblanadi.

Boshqarmaga 2022-yilning 1-choragi davomida kelib tushgan murojaatlarning 245 tasi shikoyat, 350 tasi ariza va 1 tasi taklif shaklidagi murojaatlar hisoblanadi.
Boshqarmaga hisobot davrida kelib tushgan shikoyatlarning hususiyati boʻyicha koʻrib chiqilganda, eng koʻp murojaatlar 66 tasi mehnat nizolari yuzasidan, 33 tasi ijtimoiy himoyaga doir qonunlar yuzasidan, 33 tasi notariatga doir qonun hujjatlari yuzasidan, 9 tasi kommunal toʻlovlar yuzasidan, 8 tasi yerga doir qonun hujjatlari yuzasidan, 5 tasi uy-joyga doir qonunlar yuzasidan, 4 tasi nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar faoliyatiga oid, 4 tasi soliq sohasi oid hamda 46 tasi boshqa masalalar yuzasidan kelib tushgan.

Hisobot davrida kelib tushgan 596 ta murojaatlarning 460 tasi hal etilgan boʻlib, shundan 117 tasi yoki 18 foizi (hal etilgan murojaatga nisbatan 25,4 foizi) qanoatlantirilgan, 343 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan (murojaatlarni hal etishda 1 tasi joyiga chiqib oʻrganilgan boʻlsa, 9 tasi boʻyicha mutaxassis jalb etilgan), 109 ta murojaat hal etish uchun taalluqligi boʻyicha yuborilgan, 4 tasi koʻrilmasdan qoldirilgan (yoki anonim), 78 tasi ish yurituvda qoldiq boʻlganligi sababli koʻrib chiqilmoqda (oʻtgan yildan 55 ta ariza-shikoyat va 5 ta “ishonch telefoni” boʻyicha qoldiq boʻlib oʻtgan).

Qanoatlantirilgan murojaatlar boʻyicha 18 ta 476 mln. 374 ming soʻmlik daʼvo arizasi, 19 ta taqdimnoma, 3 ta maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan taklif kiritilgan boʻlib, natijasiga koʻra 5 nafar shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan, 3 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, taʼsir choralari natijasida 74 mln. 700 ming soʻmdan ortiq mablagʻ undirilishi belgilangan.
Misol uchun, fuqaro N. Farmonovning ustama pullari toʻlab berilmaganligidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaati oʻrganib chiqilib, natijasiga koʻra, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutga taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnoma natijasiga koʻra, fuqaro N. Farmonovga toʻlanmay qolgan
8.7 mln. soʻm ustama pullari toʻlab berildi.
Fuqaro S. Orziyevning pensiyasiga qoʻshilgan ustama pullari toʻlanmaganligidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaati yuzasidan Byujdetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Qarshi tuman boʻlimiga taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnoma natijasiga koʻra, fuqaro S. Orziyevga Byujdetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Qarshi tuman boʻlimi tomonidan 6.1 mln. soʻm ustama pullari toʻlab berildi.
Yakkabogʻ tumanidagi 7-son davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bir guruh xodimlarining bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmayotganligidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaati oʻrganildi.
Oʻrganish natijasiga koʻra, Qarshi tumanlararo maʼmuriy sudiga shikoyat arizasi kiritilib, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Yakkabogʻ tuman boʻlimiga davlat maktabgacha taʼlim tashkilotning 42 nafar xodimlarini bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuklatildi.
Fuqaro F. Aminova homiladorlik va tugʻish taʼtili pullarini undirilishida amaliy yordam berishni soʻrab murojaat qilgan boʻlib, murojaat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasida Qarshi qurilish kollejiga nisbatan Fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Daʼvo arizasi sud tomonidan koʻrib chiqilib, fuqaro F. Aminovaga 5.9 mln. soʻm homiladorlik va tugʻish taʼtili pullarini undirib berish yuzasidan hal qiluv qarori chiqarildi.
Fuqaro Sh. Jabborovning tezlikni taʼqiqlovchi yoʻl belgisi oʻrnatilganligidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaati oʻrganilib, natijada Gʻuzor tumani hokimining 2019-yil 10-apreldagi 38-F-son farmoyishiga asosan Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarining 78-bandi talablariga zid ravishda yoʻl belgilari oʻrnatilganligi aniqlandi.
Shunga koʻra, tuman hokimligiga taqdimnoma kiritilib, 2019-yil
10-apreldagi 38-F-son farmoyishining 2-qismi 6 ta kichik xatboshilari bekor qilindi.
Bundan tashqari, boshqarma rahbariyati tomonidan hisobot davrida shaxsiy qabullar natijasida 15 ta hamda sayyor qabullar tashkil etilishida 55 ta, jami 70 ta murojaatlar qabul qilingan.
Boshqarma rahbariyati tomonidan 13 ta murojaat bevosita boshqarma maʼmuriy binoda shaxsiy qabul qilingan, 55 tasi sayyor qabulda, 2 tasi Xalq qabulxonalarida qabul qilingan murojaatlar hisoblanadi.
Shaxsiy va sayyor qabuldagi murojaatlarning barchasi inson huquqlarini himoya qilishga oid hisoblanadi. Qabul qilingan murojaatlarning 32 tasi qanoatlantirilgan, 40 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 2 tasi tegishligiga koʻra yuborilgan.
Shuningdek, kelib tushgan murojaatlarning 212 tasi virtual qabulxona orqali yuborilgan boʻlib, 35 tasi qanoatlantirildi, 160 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 17 tasi oʻrganish jarayonida boʻlib turibdi.
Boshqarma tomonidan 2022-yilning 1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilgan boʻlib, muddat buzilishi holatiga yoʻl qoʻyilmadi.
Tuman (shahar) adliya boʻlimlari faoliyati boʻyicha:
Boshqarma tizimidagi tuman (shahar) adliya boʻlimlariga 2022-yilning
1-choragi davomida kelib tushgan murojaatlarni tahlil qiladigan boʻlsak, jami 2 420 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, shundan 1 497 tasi shikoyat, qolgan
923 tasi ariza shaklida hisoblanadi.
Adliya boʻlimlariga kelib tushgan murojaatlarni oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 731 taga (1 689 ta) yoki 43,3 foizga koʻpayganligini koʻrishimiz mumkin.

Kelib tushgan 2 420 ta (oʻtgan yildan 23 ta murojaat qoldiq boʻlib oʻtgan) murojaatlarning 2 154 tasi hal etilgan boʻlib, hal etilgan murojaatlarning 1 727 tasi qanoatlantirilgan yoki 70,7 foizi (hal etilgan murojaatga nisbatan 80,2 foizi) qanoatlantirilgan, 427 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 2 tasi koʻrmasdan qoldirilgan, 22 tasi tegishligiga koʻra boshqa tashkilotlarga yuborilgan, 265 tasi qoldiq boʻlib qolgan.

Murojaatlarni natijasi boʻyicha ulushlarga (foiz koʻrinishida) boʻlganda quyidagicha koʻrinadi:

Murojaatlarni tuman (shahar) adliya boʻlimlari kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, eng koʻp murojaatlar Kitob tumaniga 286 ta, Gʻuzor tumaniga 258 ta, Yakkabogʻ tumaniga 210 ta, Shahrisabz tumaniga 198 ta, Dehqonobod tumaniga 185 ta kelib tushgan boʻlsa, nisbatan kamroq Qarshi shahriga 115 ta, Shahrisabz shahriga 114 ta, Koson tumaniga 109 ta, Qamashi tumaniga 101 ta, Muborak tumaniga 58 ta ariza-shikoyatlar kelib tushgan.

Qanoatlantirilgan murojaatlar boʻyicha 64 ta taqdimnoma, 587 ta 7 mlrd. 554 mln. soʻmlik daʼvo arizasi, 4 ta maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha taklif kiritilgan boʻlib, natijasiga koʻra 1 nafar shaxsga nisbatan intizomiy va 2 nafar shaxsga maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilgan, 5 ta hujjat bekor qilingan, taʼsir choralari natijasida 5 mlrd. 675 mln. soʻm undirilishi belgilangan.
Adliya boʻlimlari tomonidan 2022-yilning 1-choragi davomida boshqarma masʼul xodimlari bilan birgalikda sayyor qabullar oʻtkazilib, natijalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. Oʻtkazilgan sayyor qabullar jarayonida 771 ta murojaatlar ish yurituviga qabul qilinib, belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilgan.
Tuman (shahar) adliya boʻlimlariga hisobot davrida kelib tushgan shikoyatlarning hususiyat boʻyicha koʻrib chiqilganda, eng koʻp murojaatlar
961 tasi mehnat nizolari yuzasidan, 85 tasi ijtimoiy himoyaga doir qonunlar yuzasidan, 40 tasi yerga doir qonun hujjatlari yuzasidan, 22 tasi taʼlimga doir,
8 tasi kommunal toʻlovlar yuzasidan, 6 tasi uy-joyga doir qonunlar yuzasidan hamda 368 tasi boshqa masalalar yuzasidan kelib tushgan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, boshqarma tomonidan 2022-yilning
1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish yuzasidan oʻtkazilgan umumlashtirish natijalariga koʻra quyidagi xulosa kelindi:
1. Murojaatlarni koʻrib chiqishda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga va muddatlariga qatʼiy rioya etish hamda murojaat natijasi boʻyicha kiritilgan taʼsir choralari va ijrosini “av.ijro.uz” dasturiga muntazam kiritib borish;
2. Boshqarma tarkibiy boʻlinmalari hamda tuman (shahar) adliya boʻlimlari murojaatlarni koʻrib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning muammoli masalalarini hal qilib, huquqiy tomonlama koʻmak berish, eng koʻp murojaatlar tushayotgan masalalar boʻyicha tahlillar oʻtkazib borish;
3. Tuman (shahar) Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda ishni tashkil etib, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻpaytirish choralarini koʻrish va kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal qilish;
4. Murojaatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish, uzoq hududlardagi aholining muammoli masalalarini koʻtarish va yechimini topish, qanoatlantirish darajasini oshirish, tegishligiga koʻra murojaatlarni kamroq yuborib, ularni imkon qadar koʻrib chiqish, murojaat natijasida aniqlangan holatlar boʻyicha taʼsir choralarini qoʻllash lozim boʻladi.
Tashkiliy-nazorat va
tahlil ishlari boʻlimi