Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi 2021-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqilishi yuzasidan


jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan
murojaatlarni koʻrib chiqilishi yuzasidan

U M U M L A SH T I R I SH

 

2022-yil 11-yanvar                                                                Qarshi shahri

 

         Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 35-moddasiga koʻra, Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi (keyingi oʻrinlarida “boshqarma” deb yuritiladi) va tuman (shahar) adliya boʻlimlari (keyingi oʻrinlarida “adliya boʻlimlari” deb yuritiladi) tomonidan 2021-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish yuzasidan umumlashtirish oʻtkazildi.

         Umumlashtirish jarayonida quyidagilar aniqlandi.

         Boshqarma va uning tizimidagi tuman (shahar) adliya boʻlimlariga 2021-yil davomida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari tomonidan jami 8 224 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, shundan 2 500 tasi yozma, 7 tasi elektron, 4 833 tasi ogʻzaki, 4 tasi veb-sayt orqali, 880 tasi virtual qabulxona orqali kelib tushgan, shundan jami kelib tushgan murojaatlarning 493 tasi “Ishonch telefoni” orqali hisoblanadi.

        

 

Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan solishtirilganida murojaatlar 2 706 taga (5 518 ta) yoki 49 foizga koʻpaygan boʻlib, koʻpayganligining asosiy sababi sifatida aholi tomonidan adliya organlariga boʻlgan ishonch ortayotganligini koʻrsatishimiz mumkin.

Kelib tushgan jami 8 224 ta murojaatlarning 2 814 tasi boshqarmaga,5 410 tasi tuman (shahar) adliya boʻlimlari hissasiga toʻgʻri keladi.

 Boshqarma faoliyati boʻyicha:

Boshqarmaga kelib tushgan 2 814 ta (20 ta murojaat oʻtgan yildan qoldiq boʻlib oʻtgan, 493 tasi ishonch telefoni orqali, shundan 11 tasi oʻtgan yildan qoldiq) murojaatlarning 1 109 tasi Adliya vazirligidan kelib tushgan boʻlib,2 359 tasi boshqarma apparatida koʻrib chiqilgan, 404 tasi tegishli idoralar va hokimiyatlarga yuborilgan, 16 tasi koʻrmasdan qoldirilgan, 55 tasi koʻrib chiqilmoqda.Boshqarmaga kelib tushgan murojaatlarni oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 1 047 taga (1 767 ta) yoki 59,2 foizga koʻpayganligini koʻrishimiz mumkin.

 

 Kelib tushgan jami murojaatlarining 1477 tasi inson huquqlarini himoya qilishga oid, 584 tasi kadrlar sohasiga oid, 409 tasi ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotiga oid, 241 tasi notariat va advokaturaga oid, 65 tasi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga oid, 26 tasi yuridik xizmatlar faoliyatiga oid hamda 12 tasi boshqa yoʻnalishlar boʻyicha hisoblanadi.

 

 

Boshqarmaga 2021-yil davomida kelib tushgan murojaatlarning 995 tasi shikoyat, 1 817 tasi ariza va 2 tasi taklif shaklidagi murojaatlar hisoblanadi.

Boshqarmaga hisobot davrida kelib tushgan shikoyatlarning hususiyati boʻyicha koʻrib chiqilganda, eng koʻp murojaatlar 170 tasi mehnat nizolari yuzasidan, 147 tasi ijtimoiy himoyaga doir qonunlar yuzasidan, 90 tasi notariatga doir qonun hujjatlari yuzasidan, 65 tasi yerga doir qonun hujjatlari yuzasidan,
39 tasi uy-joyga doir qonunlar yuzasidan, 29 tasi nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar faoliyatiga oid, 20 tasi bank faoliyatiga doir qonun hujjatlari yuzasidan, 19 tasi soliq sohasi oid hamda 273 tasi boshqa masalalar yuzasidan kelib tushgan.

 

 Hisobot davrida kelib tushgan 2 814 ta murojaatlarning 2 359 tasi hal etilgan boʻlib, shundan 606 tasi yoki 21,5 foizi (hal etilgan murojaatga nisbatan 25,7 foizi) qanoatlantirilgan, 1 753 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan (murojaatlarni hal etishda 71 tasi joyiga chiqib oʻrganilgan boʻlsa, 161 tasi boʻyicha mutaxassis jalb etilgan), 404 ta murojaat hal etish uchun taalluqligi boʻyicha yuborilgan, 16 tasi koʻrilmasdan qoldirilgan (yoki anonim), 55 tasi ish yurituvda qoldiq boʻlganligi sababli koʻrib chiqilmoqda (oʻtgan yildan 20 ta ariza-shikoyat va 11 ta “ishonch telefoni” boʻyicha qoldiq boʻlib oʻtgan). 

Qanoatlantirilgan murojaatlar boʻyicha 22 ta 1 mlrd. 725 mln. soʻmlik daʼvo arizasi, 51 ta taqdimnoma, 7 ta maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan taklif kiritilgan boʻlib, natijasiga koʻra 15 nafar shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan, 4 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 4 ta hujjat bekor qilingan, taʼsir choralari natijasida 1 mlrd. 204 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ undirilishi belgilangan.

Misol uchun, fuqaro N.Nigmatov va T.Zaynitdinovlar uy-joylari buzilganligi uchun Shahrisabz tuman hokimligi tomonidan kompensatsiya pullari toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib qilgan murojaatlari oʻrganib chiqilib, natijasi boʻyicha FIB Shahrisabz tumanlararo sudiga daʼvo arizalari kiritildi.

Ushbu daʼvo arizalari sud tomonidan koʻrib chiqilib, javobgar tuman hokimligidan fuqaro N.Nigmatov foydasiga 80 135 598 soʻm va T.Zaynitdinov foydasiga 90 445 707 soʻm kompensatsiya undirish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarildi.

Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Muborak tuman boʻlimi sobiq yuriskonsulti B.Shoymardonov va boshqalarning mehnat shartnomasi bekor qilinganligi uchun qoʻshimcha toʻlovlar toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib qilgan murojaati oʻrganib chiqilib, Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi viloyat boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi.

Taqdimnoma natijasiga koʻra, fuqaro B.Shoymardonov va boshqalarga 60 639 000 soʻm ishdan boʻshatish nafaqasi, foydalanilmagan mehnat taʼlimi uchun kompensatsiya va boshqa toʻlovlar toʻlatib berildi.

Qarshi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan bolalar uchun internat uyi xodimi D. Xolmurodovaning intizomiy jazo chorasi qoʻllanilganligidan norozi boʻlib qilgan murojaatini oʻrganish natijasida, 2021-yil 20-sentyabr kuni D. Xolmurodova navbatchilik vaqtida muassasa tarbiyalanuvchisi O. H yiqilib ketganligi sababli muassasa direktoring buyrugʻiga asosan Mehnat Kodeksining 181-moddasiga koʻra, “hayfsan” intizomiy jazosi qoʻllanilganligi hamda 2021-yil 5 oktabr kuni 311-K-son buyrugʻiga asosan boshqa ishga oʻtkazilganligi aniqlangan.

Mehnat Kodeksining 182-moddasiga asosan xodimga har bir nojoʻya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanishi mumkinligi inobatga olinib, fuqaro D. Xolmurodova muassasa direktorining 329-K-son buyrugʻiga asosan avvalgi ish joyiga navbatchi hamshiralik lavozimiga qaytarildi.

Dehqonobod tuman mahalla raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-fevraldagi PF – 5938-son Farmoni asosida ustama pullarini undirib berilishida amaliy yordam berish yuzasidan murojaatlari oʻrganib chiqilib, natijada tuman hokimligi tomonidan jami 24 nafar xodimlarga ustama pullari toʻlab berilishiga erishildi.

Viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasida Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari ijro etilishi tahlil qilinib, natijada xodimlarga homiladorlik va tugʻish nafaqalari toʻlab berilmayotganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan shifoxonaga taqdimnoma kiritilib, natijada xodimlarga 16 028 698 soʻm homiladorlik va tugʻish nafaqalarining toʻlab berilishi taʼminlandi.

Bundan tashqari, boshqarma rahbariyati tomonidan hisobot davrida shaxsiy qabullar natijasida 60 ta hamda sayyor qabullar tashkil etilishida 106 ta, jami 166 ta murojaatlar qabul qilingan.

Boshqarma rahbariyati tomonidan 35 ta murojaat bevosita boshqarma maʼmuriy binoda shaxsiy qabul qilingan, 106 tasi sayyor qabulda, 25 tasi Xalq qabulxonalarida qabul qilingan murojaatlar hisoblanadi.

Shaxsiy va sayyor qabuldagi murojaatlarning 153 tasi inson huquqlarini himoya qilishga oid va 13 tasi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga oid hisoblanadi.

Qabul qilingan murojaatlarning 84 tasi qanoatlantirilgan, 76 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 2 tasi tegishligiga koʻra yuborilgan, 4 tasi ish yurituvda qoldiq boʻlib turibdi.

Shuningdek, kelib tushgan murojaatlarning 880 tasi virtual qabulxona orqali yuborilgan boʻlib, 329 tasi qanoatlantirildi, 537 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 14 tasi oʻrganish jarayonida boʻlib turibdi.

Boshqarma tomonidan 2021-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilgan boʻlib, muddat buzilishi holatiga yoʻl qoʻyilmadi.

 Tuman (shahar) adliya boʻlimlari faoliyati boʻyicha:

Boshqarma tizimidagi tuman (shahar) adliya boʻlimlariga 2021-yil davomida kelib tushgan murojaatlarni tahlil qiladigan boʻlsak, jami 5 410 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, shundan 2 618 tasi shikoyat, qolgan 2 792 tasi ariza shaklida hisoblanadi.

Adliya boʻlimlariga kelib tushgan murojaatlarni oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 1 659 taga (3 751 ta) yoki 44,2 foizga koʻpayganligini koʻrishimiz mumkin.

  

Kelib tushgan 5 410 ta (oʻtgan yildan 37 ta murojaat qoldiq boʻlib oʻtgan) murojaatlarning 5 233 tasi hal etilgan boʻlib, hal etilgan murojaatlarning 4 027 tasi qanoatlantirilgan yoki 74,4 foizi (hal etilgan murojaatga nisbatan 77 foizi) qanoatlantirilgan, 1 206 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 26 tasi koʻrmasdan qoldirilgan, 165 tasi tegishligiga koʻra boshqa tashkilotlarga yuborilgan, 23 tasi qoldiq boʻlib qolgan.

 

 Murojaatlarni natijasi boʻyicha ulushlarga (foiz koʻrinishida) boʻlganda quyidagicha koʻrinadi:

 

 Murojaatlarni tuman (shahar) adliya boʻlimlari kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, eng koʻp murojaatlar Kitob tumaniga 530 ta, Dehqonobod tumaniga 441 ta, Chiroqchi tumaniga 427 ta, Koson tumaniga 415 ta, Shahrisabz tumaniga 399 ta kelib tushgan boʻlsa, nisbatan kamroq Mirishkor tumaniga 340 ta, Yakkabogʻ tumaniga 304 ta, Shahrisabz shahriga 262 ta, Muborak tumaniga 249 ta, Qarshi shahriga 247 ta ariza-shikoyatlar kelib tushgan.

  

Qanoatlantirilgan murojaatlar boʻyicha 111 ta taqdimnoma, 1 045 ta 9 mlrd. 196 mln. soʻmlik daʼvo arizasi, 11 ta maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha taklif kiritilgan boʻlib, natijasiga koʻra 8 nafar shaxsga nisbatan intizomiy va 6 nafar shaxsga maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilgan, 7 ta hujjat bekor qilingan, taʼsir choralari natijasida 10 mlrd. 56 mln. soʻm undirilishi belgilangan.

Adliya boʻlimlari tomonidan 2021-yil davomida boshqarma masʼul xodimlari bilan birgalikda sayyor qabullar oʻtkazilib, natijalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. Oʻtkazilgan sayyor qabullar jarayonida 1 828 ta murojaatlar ish yurituviga qabul qilinib, belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilgan.

Tuman (shahar) adliya boʻlimlariga hisobot davrida kelib tushgan shikoyatlarning hususiyat boʻyicha koʻrib chiqilganda, eng koʻp murojaatlar
1 627 tasi mehnat nizolari yuzasidan, 262 tasi ijtimoiy himoyaga doir qonunlar yuzasidan, 77 tasi taʼlimga doir, 57 tasi yerga doir qonun hujjatlari yuzasidan,
30 tasi bank faoliyatiga oid, 19 tasi kommunal toʻlovlar yuzasidan, 506 tasi boshqa masalalar yuzasidan kelib tushgan.

  

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, boshqarma tomonidan 2021-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish yuzasidan oʻtkazilgan umumlashtirish natijalariga koʻra quyidagi xulosa kelindi:

1. Tuman (shahar) adliya boʻlimlari murojaatlarni koʻrib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning muammoli masalalarini hal qilib, huquqiy tomonlama koʻmak berish;

2. Murojaatlarni koʻrib chiqishda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga va muddatlariga qatʼiy rioya etish hamda murojaat natijasi boʻyicha kiritilgan taʼsir choralari va ijrosini “av.ijro.uz” dasturiga muntazam kiritib borish;

3. Tuman (shahar) Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda ishni tashkil etib, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻpaytirish choralarini koʻrish va kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal qilish;

4. Murojaatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish, uzoq hududlardagi aholining muammoli masalalarini koʻtarish va yechimini topish, qanoatlantirish darajasini oshirish, tegishligiga koʻra murojaatlarni kamroq yuborib, ularni imkon qadar koʻrib chiqish, murojaat natijasida aniqlangan holatlar boʻyicha taʼsir choralarini qoʻllash lozim boʻladi.

 

Tashkiliy-nazorat va
tahlil ishlari boʻlimi