Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

XALQ TAFAKKURI MAHSULI


O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. A. Karimovning xalq og’zaki ijodining yoshlar tarbiyasidagi beqiyos roliga to’xtalib, “Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni bahramand etsak, ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatda qudratli ma’rifiy qurolga ega bo’lamiz” , degan so’zlari bugungi kunda ma’naviy tarbiyaning dolzarb ahamiyatini ko’rsatib beradi.
Maqollar bugungi kunga qadar asrlar davomida til va din osha yetib kelgan hikmatlar, xalq tafakkurining, hayotiy tajribasidan kelib chiqadigan xulosaviy fikrlarining ixcham va badiiy ifodasidir. Maqolda ibratli fikr aytiladi, biroq har qanday ibratli fikr maqol deb hisoblanmaydi. Buning uchun muayyan shartlar talab etiladi. Shunday shartlardan biri maqolga aylanuvchi ibratli fikrning uzoq yillar mobaynida xalqning hayotiy tajribasida sinalganbo’lishligidir. Ikkinchi shart shuki, maqolda ifodalangan fikr alohida shaxslarga emas, balki umumga yo’naltirilgan bo’lishi lozim. Uchinchi shart esa badiiy shaklga ega bo’lishi bilan belgilanadi.
Maqollar xalq og’zaki ijodining asosiy janrlaridan biri bo’lib, bugungi kunda maqollarni qiyosiy tilshunoslikda chuqur o’rganish orqali tilshunoslikning yangi qirralari ochib berilmoqda. Natijada paremiologiya, ya’ni maqollarni o’rganish tilshunoslikda alohida soha sifatida paydo bo’ldi.
V. Teliya tilshunos va folklorshunos olim sifatida madaniyatning til bilan bog’liqligida paremiologiya sohasining rolini alohida ta’kidlab o’tadi. Uning aytishicha, til butun bir madaniyatni o’zida ifodalar ekan, shubhasiz, paremiologiya sohasi ham til egasi bo’lmish xalqning o’ziga xos jihatlarini namoyon eta oladi. Bunday holatni esa til va madaniyatning o’zaro qorishib ketgan sohasi, ya’ni lingvokulturologiya asoslay oladi.
Rus yozuvchisi L. N. Tolstoy quyidagi fikrlarni bildiradi: “Har bir maqolda men shu maqolni yaratgan xalq siymosini ko’raman” . Turli xalqlar hayoti va tarixida o’ziga xos o’xshashlik va umumiylik bo’lganligi bois ularda mazmun jihatidan bir-biriga yaqin va hamohang maqollar ko’p uchraydi. Ularni tarjima qilishda ayrim o’zgarishlar, ya’ni so’z orttirish, so’z tushirib qoldirish, ma’lum bir so’zni ikkinchi tilga xos shakli bilan almashtirish kabi hodisalar ro’y beradi, ammo ular bir ma’no-mazmunni ifodalaydi.
O’zbek tilidagi “Oson kelgan narsa oson ketadi” maqoli ingliz tilidagi “Easy come, easy go” maqoliga to’g’ri keladi. So’zma-so’z tarjima qilganda o’zbek tilida so’z orttirilishi hodisasi kuzatiladi. Ya’ni “Oson kelgan oson ketadi” emas, balki “Oson kelgan narsa oson ketadi” tarzida qo’llaniladi. Ingliz tilidagi “Health is above wealth” maqolining aynan tarjimasi “Sog’lik boylikdan yuqori”. Bu maqolning o’zbek tilidagi varianti esa “Sog’lik – tuman boylik”.
Ingliz tilidagi maqollarni o’zbek tiliga yoki o’zbek tilidagi maqollarni ingliz tiliga tarjima qilish va maqollarning muqobil variantlarini keltirish jarayonida aynan o’sha ma’no-mazmunni saqlab qolish muhim hisoblanadi. Shuning uchun ham maqollar bilan ishlash, avvalo, ularning semantik xususiyatlarini, har bir maqolning asl ma’nosini chuqur o’rganib chiqishni talab qiladi.
Quyida nutqda ko’p qo’llaniladigan ingliz tilidagi maqollar va ularning o’zbek tilidagi ekvivalentlaridan ba’zi namunalar:

A friend in need is a friend indeed.
Do’st kulfatda sinaladi.

As you make your bad, so must you lie on it.
Har kim ekkanin o’rar.

Head cook and bottle-washer.
Yigit kishiga yetmish hunar oz.

Look on the bright side.
Yaxshi niyat – yarim davlat.

Measure thrice before you cut once.
Yetti o’lchab, bir kes.

Once bitten, twice shy.
Sutdan og’zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi.

Maqollar tabiatiga ko’ra xalqaro janr hisoblanadi. Chunki har bir xalq hayotiy tajribalarini maqol shaklida avlodlarga qoldiradi. Shuning uchun ham turli xalqlar og’zaki ijodida mazmun va shakl jihatidan bir-biriga yaqin maqollar ko’p uchraydi.
Aynan bir mavzudagi maqollar ikkala tilda ham uchrashi mumkin, biroq ulardagi obrazlar takrorlanmasligi bilan ajralib turadi. Ijtimoiy hayotdagi o’zgarishlar natijasida maqollar mazmunida turli darajadagi torayish va kengayishlar yuz beradi. Bu esa maqolning jamiyat hayoti, xalq turmushi bilan bevosita bog’lanishda ekanligini ko’rsatadi.
Maqollarni o’rganish esa xorijiy tildagi asarni o’qish jarayonida kontekstda yuzaga keladigan ayrim tushunmovchiliklarni bartaraf etishga, yoritilgan mazmunni osonroq anglab olishga va og’zaki nutqni o’stirishga yordam beradi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, tarjimaning paremiologiya sohasidagi o’rni o’zgacha bo’lib, bunda nafaqat struktura va bog’lanishlar, balki lingvokulturologik va semantik jihatlar, mentalitet va milliy xarakter tushunchalari ham katta ahamiyatga ega.

Bozorova Sevara
Qashqadaryo viloyati yuridik texnikum o’qituvchisi