Янгиликлар
O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olishning yangi tartibi belgilandi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yil 24 sentabrda “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 606-son Qarori qabul qilindi.
Mazkur Nizomning 2022 yil 1 may sanasidan kuchga kirishi nazarda tutilgan bo‘lib, unda oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi belgilangan.
Xususan, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bakalavr (diplomli mutaxassis) darajasiga ega shaxslar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olishlari mumkin.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi.
Shu bilan birga, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar har yili 10 iyuldan 10 avgustga qadar O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda maxsus elektron tizimga o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini kiritadi va quyidagi hujjatlarni yuklaydi:
- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma – O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida o‘qib tugatganlar uchun);
- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning ilova nusxasi.
Bunda, xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992 yil 1 yanvardan keyin berilgan diplomlari belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish natijalari har yili 30 avgustga qadar oliy ta’lim muassasalari tomonidan e’lon qilinadi.
Qayd etish joizki, ikkinchi va undan keyingi ta’limda o‘qish uchun talabalikka tavsiya etilgan shaxslar bilan oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida shartnoma rasmiylashtiriladi. Shartnomalar yuridik shaxslar uchun 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi. Shartnoma shartlari, ularni amalga oshirish tartibi hamda tomonlarning majburiyatlari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqib, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim uchun to‘lov-kontrakt miqdori bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi.
Talabalarni o‘qishga qabul qilish shartnomada belgilangan to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat’i nazar 2-kursdan boshlanadi. Bunda ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilanadi.