Янгиликлар
Davlat moliyaviy nazorat tizimi takomillashtirilmoqda
Joriy yil 27 avgustda O’zbekiston Repsublikasi Prezidenti tomonidan “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF – 6300-son Farmon imzolandi.
Mazkur Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab
“O’zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan nazorat shakllari va turlariga qo‘shimcha quyidagilar amaliyotga joriy etiladi:
buxgalteriya (budjet) hisobi yuritilishini, moliyaviy hisobotlarning haqqoniyligini, moliyaviy resurslardan maqsadli va qonuniy foydalanilganligini hamda daromadlarning to‘liqligini, shuningdek, moliyaviy operatsiyalarning qonuniyligini baholashni nazarda tutuvchi moliyaviy audit;
konsolidatsiyalashgan va jalb qilingan budjet mablag‘laridan foydalanishda, davlat xaridlarini amalga oshirishda, shuningdek, daromadlarning to‘liqligini ta’minlash va biznes jarayonlarida normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinganligini va ularning davlat dasturlariga muvofiqligini tekshirish va baholashni nazarda tutuvchi muvofiqlik auditi;
nazorat ob’ektida xarajatlar, subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarning samaradorligi va natijadorligini, ajratilgan mablag‘lardan foydalanishning tejamkorligini, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning bajarilishini, konsolidatsiyalashgan budjet va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning maqsadga muvofiqligi va natijadorligini, shuningdek, davlat va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanganligini baholash va tahlil qilishni nazarda tutuvchi samaradorlik auditi.
Farmonda o‘rnatilgan tartibga muvofiq:
a) Hisob palatasi va ichki audit xizmatlari:
har bir nazorat tadbirini tashkiliy, asosiy va yakuniy bosqichlarni o‘z ichiga oluvchi uch bosqichli tizim asosida hamda audit tadbirining turlarini aniq belgilagan holda amalga oshiradi;
audit tadbirlari natijalari to‘g‘risidagi xulosada, shu jumladan qonunbuzarliklarga imkoniyat yaratuvchi shart-sharoit va omillarni, shuningdek, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni va tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflarni aks ettiradi;
b) 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda kamida bir marotaba ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka e’lon qilib boradi;
v) 2022 yil 1 yanvardan boshlab moliyaviy nazorat tadbirlari faqatgina nazorat ishlarining yillik dasturiga kiritilgan sub’ektlarda amalga oshiriladi, kameral nazorat va qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa holatlar bundan mustasno.
Farmonda belgilangan tartibga ko‘ra:
budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamg‘armalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarda o‘tkazilgan barcha davlat moliyaviy nazorati tadbirlari, shu jumladan ichki audit xizmatlarining audit tadbirlari “Davlat auditi” dasturida ro‘yxatga olinadi;
har bir nazorat tadbiri uchun o‘rganiladigan savollar, tadbirning predmeti, ma’lumotlarni jamlash va tahlil o‘tkazish tartibini o‘z ichiga olgan nazorat tadbirini o‘tkazish rejasi tuziladi;
“Davlat auditi” dasturida ro‘yxatga olinmagan nazorat tadbirlari noqonuniy hisoblanadi;
barcha davlat moliyaviy nazorati tadbirlari, shu jumladan ichki audit xizmatlarining audit tadbirlari natijalariga doir barcha turdagi hujjatlar (davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar bundan mustasno) “Davlat auditi” dasturida jamlanadi;
davlat moliyaviy nazorati tadbirlarida aniqlangan holatlar bo‘yicha nazorat tadbiri o‘tkazilgan tashkilotning yozma fikri nazorat tadbiri tamomlangandan keyin besh kun muddatda “Davlat auditi” dasturiga joylashtiriladi.
Bunda, “Davlat auditi” dasturini ishlab chiqish, texnik qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uning funksional imkoniyatlarini muntazam takomillashtirish bilan bog‘liq xarajatlar O’zbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda:
2022 yildan boshlab Moliya vazirligi va har bir ichki audit xizmati tomonidan har chorakda fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali aniqlangan kamida 2 tadan ob’ektda nazorat tadbirini o‘tkazishni nazarda tutuvchi fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi joriy etiladi;
ikki oy muddatda fuqarolar ishtirokidagi audit o‘tkaziladigan ob’ektni aniqlash va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibin iishlab chiqadi.
Abosaidov Olim
Qarshi shahar adliya bo‘limi
etakchi maslaxatchisi