Янгиликлар
Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi takomillashtirildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, davlat nazoratini takomillashtirish va «Soliqchi — ko‘makchi» tizimi orqali ularga nisbatan ma’muriy va soliq yukini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 2021 yil 20 avgust kuni o‘tkazilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab:
qat’iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
alohida tayyor import iste’mol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi;
b) 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlariga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga pasaytirilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati beriladi.
2022 yil 1 apreldan bosqichma-bosqich majburiy talablarning elektron reyestri joriy qilinadi. Bunda, mazkur reyestr davlat organlari va tashkilotlari o‘z vakolatlari doirasidagi sohalar bo‘yicha belgilangan tartibda taqdim etgan majburiy talablar ro‘yxati asosida Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.
2022 yil 1 yanvardan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi;
Savdo-sanoat palatasi a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik sub’ekti roziligi bilan Savdo-sanoat palatasi xodimlari ishtirok etadi;
Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladi;
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi, bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va ma’lumotlar asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno.
2022 yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga ma’muriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi (keyingi o‘rinlarda — Indeks) joriy etiladi.
a) Indeks Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi orqali tekshiruv natijalari asosliligi hamda qonuniyligi, profilaktik tadbirlar va tekshiruvlar mutanosibligi, tadbirkorlarning tekshiruv natijalaridan qoniqish darajasi kabi ko‘rsatkichlar asosida tuziladi;
b) nazorat qiluvchi organlar har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1 avgustga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1 fevralga qadar amalga oshirilgan nazorat tadbirlari tahlilini Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga kiritadi;
v) Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1 sentyabrga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1 martga qadar Indeks natijalari to‘g‘risidagi axborotni va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida ko‘p takrorlanuvchi huquqbuzarliklar hamda ular sodir etilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotni «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga joylashtiradi va jamoatchilikka e’lon qiladi.
Mazkur Farmonni amaliyotga joriy qilish orqali tadbirkorlik faoliyati sube’ktlarining ko‘plab davlat tashkilot va orgalari tomonidan asossiz nazorat qilish funksiyalari bekor qilinib, ularning erkin faoliyati yuritishini ta’minlashga yanada e’tibor qaratilmoqda.
Mirishkor tuman
adliya bo‘limi boshlig‘i
M.Abdurasulov