Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

GENDER - HUQUQIY EKSPERTIZASI NIMA?


Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik hujjatlari takomillashib borar ekan, qonun va huquq ijodkorligi sohasida yangi yo‘nalish – gender-huquqiy ekspertizasi yo‘nalishi joriy etildi.

Xo‘sh, gender - huquqiy ekspertizasi nima? Gender huquqiy ekspertizasi deganda - normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish tushuniladi.

Nizomga asosan, jinsiy mansubligidan qat’i nazar, shaxslarning huquqlari, majburiyatlari, imkoniyatlari va javobgarliklarini belgilashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nomutanosibliklarni bartaraf etish maqsadida jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalari, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarini tartibga soluvchi normativ - huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Normativ - huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender -huquqiy ekspertizasi:

jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjatni yoki uning loyihasini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiq emasligini aniqlashga;

jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ - huquqiy hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlarini umumiy baholashga;

normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va kamsitish xususiyatiga ega xavflarni aniqlashga;

jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yadigan va aniqlangan normalarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgandir.

Sho‘ o‘rinda, jins bo‘yicha bevosita kamsitish va bilvosita kamsitish tushunchalariga ham ta’rif keltirib o‘tsak.

Jins bo‘yicha bevosita kamsitish deganda — jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan oilaviy holati, homiladorligi, oilaviy majburiyatlari tufayli kamsitish, shuningdek, shahvoniy shilqimlik qilish, teng mehnat va malaka uchun har xil haq to‘lash tushuniladi.;

Jins bo‘yicha bilvosita kamsitish esa — bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablarni belgilashdir.

Gender-huquqiy ekspertizasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning takliflariga asosan ishlab chiqiladigan va O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan har uch yilda bir marotaba yilning I choragida tasdiqlanadigan normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizasini o‘tkazish rejasiga muvofiq davlat organlari tomonidan ular faoliyatining tegishli yo‘nalishlari asosida "Normativ-huquqiy xujjatlar va ularning loyixalarini gender -huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq sxema bo‘yicha o‘tkaziladi.

Davlat organlari tomonidan ular faoliyatining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha rejaga kiritilmagan normativ-huquqiy hujjatlarda gender tenglik prinsiplariga muvofiq bo‘lmagan qoidalar aniqlangan taqdirda, ushbu nomuvofiqlik bartaraf etilishi uchun gender-huquqiy ekspertiza belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

Hozirgi kunda demokratik jamiyatda yashashimizga qaramay ba’zan xotin-qizlarimiz zo‘ravonlik va tayziqqa hamda kamsitilishlarga uchrayotganini kuzatamiz. Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan isloxotlar ham mana shunday xotin-qizlarni kamsitilishi yoki tayziqqa uchrashini oldini olishga qaratilgan.

Albatta, gender huquqiy ekspertizaning amaliyotga joriy etilishi qonun hujjatlarida uchrab turadigan gender tenglik sohasidagi nomutanosibliklarni bartaraf qiladi, shuningdek, keyinchalik bu kabi holatlarning oldini olishga hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.

Timirova Shirin

Qashqadaryo viloyat yuridik texnikumi

Ommaviy huquq kafedrasi mudiri