Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Mustaqillik huquq demakdir


O’zbek xalqining ajralmas huquqi, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi ro‘yobga chiqarildi. 1991 yilning 31 avgustida O’zbekiston Respublikasining mustaqilligi e’lon qilindi. Muqaddas orzu ushaldi, O’zbekiston tinch, parlament yo‘li bilan o‘zining haqiqiy davlatchiligiga erishdi. Bu xalqimizning ko‘p asrlik tarixida buyuk voqea bo‘lib qoldi.

Mustaqillikka erishilgan kundan hozirgacha bo‘lgan davr mobaynida O’zbekistonda demokratik huquqiy jamiyat asoslari faol ravishda vujudga keltirilib, avvalgi yakkahokimlik tizimining illatlari tugatilishiga erishildi.Yagona mafkuraning yakkahokimligiga barham berildi. Umumbashariy qadriyatlarning ustuvorligi, chinakam demokratiya, inson erkinliklari va huquqlarining butun dunyo tan olgan me’yor va qoidalari tobora kengayib bordi. Yurtimizda davlat boshqaruvining yangi zamonaviy va samarali tizimi shakllandi.

O’zbek xalqining mustaqillikka bo‘lgan intilishini jahon hamjamiyati, xalqaro jamoatchilik qo‘llab-quvvatladi. Dunyodagi mamlakatlar O’zbekistonning Davlat mustaqilligini tan oldi, xorijiy mamlakatlar bilan diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi. Toshkentda birin-ketin xorijiy davlatlarning elchixonalari ochila boshlandi, diplomotiya aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Mustaqillik bizni jahonning rivojlangan mamlakatlari qatoridan munosib o‘rin egallashga, bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik davlat, fuqaroviy jamiyat barpo etishga, xalqimiz salohiyatini mustahkamlashga, yurtimiz shon-shuhratini dunyoga yoyishga da’vat etadi.

Yurtimizning mustaqilligi haqida huquqiy hujjatlarning birinchisi 1990 yil 20 iyunda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining II sessiyasida qabul qilingan “Mustaqillik Deklaratsiyasi”dir. Unda o‘zbek xalqining davlat qurilishi tarixi, tajribasi, har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi asosida davlat mustaqilligi e’lon qilindi. Bu hujjatda davlat mustaqilligining barcha jihatlari ko‘rsatib berilgan edi.

Mustaqillikning ikkinchi asosiy va eng muhim huquqiy hujjati “O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Oliy Kengash Bayonoti” bo‘ldi. Bu hujjat 12-chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari VI sessiyasida 1991 yil 31 avgustda qabul qilingan edi.

O’zbekiston mustaqilligini kafolatlovchi uchinchi huquqiy manba, bu “O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida”gi hujjat hisoblanadi. Bu hujjatda respublika bundan buyon “O’zbekiston Respublikasi” deb atalib, 1 sentabr “Mustaqillik kuni”, umummillliy bayram va dam olish kuni deb e’lon qilindi.

Shu kunlarda mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlamoqdamiz. Vatanimizdagi bugungi tinch va osuda hayot, farovonlik xalqimizga mustaqillik tuhfa etgan aziz ne’matlardandir. Jamiyatimizdagi barqarorlik bois yurtimiz ravnaqi yo‘lida, xuquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyat barpo etish borasida ulkan, betimsol ishlar amalga oshirilmoqda.

Istiqlol bizga, eng avvalo, o‘zlikka qaytish va uni anglash, inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan erkin demokratik jamiyat qurish, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, ulug‘ ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosidan bahramand bo‘lish, o‘zimizga mos turmush tarzini belgilash imkonini berdi. Istiqlol bois biz uchun dunyo eshiklari keng ochildi, millat sha’ni-shavkati tiklandi. Ozod Vatanimizning nomi jahon kengliklarida mag‘rur jaranglay boshladi. O’zbekiston jahon hamjamiyatiga teng huquqli a’zo sifatida kirib bordi. Milliy va umume’tirof etilgan demokratik qadriyatlar ko‘z ochdi, inson va uning huquqlari ustuvorlik kasb etdi.

Mustaqillik, bu eng avvalo, huquqdir. Bu huquq kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan qurish huquqidir. Bugun xalqimiz erishgan yutuqlarga kelsak, uning zamirida kelajagi buyuk davlat qurish g‘oyasi mujassam. Ana shu ulug‘vor g‘oya xalqimizni jipslashtirdi, taraqqiyot sari dadil boshladi.

Istiqlol ne’matlarini bugun hayotimizning barcha sohalarida ko‘rish mumkin. Qayerga qaramang, obodlik, bunyodkorlik zavq-shavqi. Bunday tinch va to‘kin hayotga xos na’shu namodan sevinasan, qalbing g‘urur-iftixorga to‘ladi. Shunda Istiqlolning qadr-qimmati bilinadi, uning bebaho ne’mat ekanligini his etasan. Misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlari ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lmoqda. Jahonning ko‘plab siyosatdonlari, taniqli jamoat arboblari mamlakatimizda inson manfaatlarini ko‘zlab, uzoq kelajakni o‘ylab o‘tkazilayotgan keng qamrovli islohotlarni ijobiy baholashmoqda.

Hozirgi pandemiya sharoitida zamon o‘zgarayotgani, insoniyat o‘zgarayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Hammamiz erkinlik, ochiqlik, oshkoralik sharoitida ishlashga o‘rganmoqdamiz. Zero, barcha rivojlangan davlatlar, dunyo hamjamiyati shunday yashamoqda va shu yo‘lni to‘g‘ri deb bilmoqda.

Darhaqiqat, davrning, hayotning keskin talablaridan orqada qolmaslik uchun barchamiz har kuni o‘qib-o‘rganishimiz, o‘z ustimizda ishlashimiz, bilim va saviyamizni doimo oshirib borishimiz, o‘z huquqimizni bilib, boshqalarga uni hurmat qilishga o‘rgatishimiz kerak.

Kitob tumani adliya bo‘limi

bosh maslahatchisi

R.Axmatov