Янгиликлар
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati baholanadi
Hukumat qarori (536-son, 23.08.2021 y.) bilan Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan sektorlar faoliyatini baholash bir yilda bir marotaba – hisobot yilidan keyingi yilning 1 fevraliga qadar amalga oshiriladi.
Natijasi bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va xalq deputatlari Kengashlariga kiritiladi.
Baholash natijasiga ko‘ra tuman, shahar sektorlari o‘rtasida respublika darajasida – “eng namunali sektor” hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida – “eng tashabbuskor sektor” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi va rag‘batlantiriladi.
Baholash quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bilan ishlash natijadorligi;
“mahallabay” ishlash tizimining yuritilishi holati;
iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish darajasi;
tadbirkorlikni rivojlantirish;
jinoyatchilikni kamaytirish va ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish;
murojaatlar bilan ishlash samaradorligi.
Shunga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan sektorlar quyidagicha rag‘batlantiriladi:
“Eng namunali sektor” nominatsiyasida:
▪ 1-o‘rin – BHMning 500 baravari;
▪ 2-o‘rin – BHMning 400 baravari;
▪ 3-o‘rin – BHMning 300 baravari miqdorida pul mablag‘i.
“Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasida:
▪ 1-o‘rin – BHMning 200 baravari;
▪ 2-o‘rin – BHMning 150 baravari;
▪ 3-o‘rin – BHMning 100 baravari miqdorida pul mablag‘i.
Qarorga ko‘ra, sektorlar faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlarini hisoblash va baholash bo‘yicha “sektor.reyting.uz” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi ishga tushiriladi.