Янгиликлар
46 ta tug‘uruq bo‘limlari negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi
“Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5199-son, 28.07.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan tegishli davlat tibbiyot muassasalarida (14 ta) imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinadi va moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi joriy etiladi.
2022 yil 1 yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.
Amaldagi order berish tartibiga asosan rasmiylashtirilgan orderlardan 2022 yilning 1 yanvarigacha foydalanish mumkin.
2022 yil 1 yanvardan tegishli davlat tibbiyot muassasalarida (13 ta) imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tartibi joriy etiladi.
2021 yil 1 oktyabrdan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida bazaviy narxlarda moliyalashtirish mexanizmi joriy etiladi.
2021 yil 1 avgustdan onkologiya, onkogematologiya va gematologiya muassasalarining palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari shifokorlari, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun o‘ta xavfli sharoitlari uchun 25 foiz miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi.
2022 yil 1 yanvardan bosqichma-bosqich tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 46 ta tug‘uruq bo‘limlari negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi.
2021 yil 1 sentyabrgacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga respublika miqyosida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish, ularning murojaatlarini qabul qilish, maslahat berish va axborot taqdim etishga mo‘ljallangan yagona qisqa raqamli bepul “tezkor aloqa” yo‘lga qo‘yiladi.