Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008
24.01.2024

Nodavlat notijorat takilotlari uchun mehnat munosabatlari bo‘yicha ish beruvchilar uchun uslubiy qo‘llanma

NODAVLAT NOTIJORAT TAKILOTLARI UCHUN MEHNAT MUNOSABATLARI BO‘YICHA ISH BERUVCHILAR UCHUN
USLUBIY QO‘LLANMA

Mazkur uslubiy qo‘llanma tashkilotdagi mehnat munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish va boshqa mehnat munosabatlarini tartibga solish uchun ishlab chiqilgan.

Tashkilot tomonidan birinchi navbatda quyidagilar:

tashkilotning reglamenti (ustav, nizomi);

shtatlar jadvali;

xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari;

tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalari va jamoa shartnomalari (O‘z.Res.MK-296-m, AV tartib raqami - 746-son);

“Moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi nizom;

ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan qo‘shimcha kafolat va imtiyozlar belgilangan bo‘lsa, bu bo‘yicha lokal hujjat ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.

Ishga qabul qilish vaqtida talab qilinadigan hujjatlar

Ishga qabul qilish chog‘ida talab etiladigan hujjatlar (O‘z.Res.MK-124-m):

pasportni yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni yoxud identifikatsiyalovchi ID-kartani, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani;

oxirgi ish joyi bo‘yicha tasdiqlangan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining o‘rniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi ma’lumotnomani taqdim etadi;.

harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;

oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tashkilotini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni, qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslar qo‘yilishi mumkin bo‘lsa, o‘sha ishga kirish chog‘ida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnomani (sertifikatni) yoxud boshqa tegishli hujjatni;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini;

jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (mavjud bo‘lganda);

jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno.

Ish beruvchi:

birinchi marta ishga kirgan, besh kundan ortiq ishlagan shaxslarga va qonunchilikda o‘ziga nisbatan mehnat daftarchalarini yuritish nazarda tutilmagan ilgari ishlagan shaxslarga mehnat daftarchasini rasmiylashtirishi;

ilgari jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobda turmagan xodimlarni bunday hisobga qo‘yish uchun choralar ko‘rishi shart.

Ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxsdan ushbu Kodeksda, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Ishga qabul qilish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi (O‘z.Res.MK-127-m).

Birinchi marta ishga kirayotgan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari, mehnat faoliyatini yuritayotgan xodimlarning mehnat shartnomalariga kiritilgan o‘zgartirish va ularni bekor qilish holatlari “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat komplekcidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi (O‘z.Res.VMQ-971, 4502-son).

Mehnat daftarchalari tashkilotning kadrlar xizmatida seyf yoki qulflanadigan shkafda saqlanadi (O‘z.Res.AV ro‘yxat raqami-402-son).

Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish

Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buyruq bilan rasmiylashtiriladi (O‘z.Res.MK-170-m).

Mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilish mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv bilan yozma shaklda rasmiylashtiriladi, unda mehnat shartnomasi bekor qilinadigan sana, qo‘shimcha kelishuv tuzilgan sana va taraflarning rekvizitlari ko‘rsatilishi shart (O‘z.Res.MK-157-m).

Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinayotganda, xodim Mehnat kodeksining 165-moddasida nazarda tutilgan muddatlarda yozma shaklda ogohlantirilishi kerak.

Ish beruvchining buyrug‘ida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari ushbu Kodeksning yoxud tegishli qonunning moddasiga (bandiga) havola qilingan holda ushbu Kodeks yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar moddalarining (bandlarining) ta’riflariga aniq muvofiq tarzda ko‘rsatilishi kerak (O‘z.Res.MK-170-m).

Mehnat daftarchasiga mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risida yozuvlar tashkilot rahbari yoki mas’ul xodimning imzosi va muhri bilan tasdiqlanadi (O‘z.Res.AV ro‘yxat raqami-402-son).

Ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berishi shart. Ish beruvchi xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish bilan bog‘liq hujjatlarning tegishli ravishda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini ham berishi shart (O‘z.Res.MK-171-m).

Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim yo‘q bo‘lganligi yoki hujjatlarni olishni rad etganligi munosabati bilan unga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani hamda mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchi keyingi ish kunidan kechiktirmay xodimga mehnat daftarchasini olish uchun kelishi yoxud mehnat daftarchasi pochta orqali yuborilishiga rozilik berishi zarurligi haqida bildirishnoma yuborishi shart (O‘z.Res.MK-171-m,);

Ta’tillarni rasmiylashtirish

Barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi
(O‘z.Res.MK-216-m).

Har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kunni tashkil etadi (O‘z.Res.MK-217-m).

Barcha hollarda qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning umumiy muddati ellik olti kalendar kundandan oshib ketishi mumkin emas.

Birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan olti oy o‘tganidan keyin yuzaga keladi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodimga ishlagan olti oy o‘tguniga qadar ham mehnat ta’tili berilishi mumkin.Беременная женщина со сплошной заливкой

Birinchi bor tashkil etilgan tashkilotlar uchun xodimlarga birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tili birinchi ish yili tugaguniga qadar ushbu ta’tilni berish sharti bilan olti oy ishlamasidan ilgari yoki undan keyin berilishi mumkin (O‘z.Res.MK-227-m).

Ta’tillarni rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar:

ta’tillar jadvali;

ta’til berish to‘g‘risida xabarnoma;

xodimning arizasi;

ta’til berish to‘g‘risidagi buyruq;

 shaxsiy varaqa;

ish vaqtini hisobga olish tabeli.

Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tili ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatiga muvofiq beriladi (O‘z.Res.MK-228-m).

Yillik ta’tillarni berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.

Mehnat kodeksining 228-moddasiga muvofiq, ayrim xodimlarga ta’til ularning xohishiga ko‘ra yozgi yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda berilishi kerak.

Ta’til berish vaqti haqida xodimni ta’til boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin xabarnoma orqali ma’lum qilinadi.

Ta’tillar jadvali va xodimning arizasiga ko‘ra unga ta’til berish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtiriladi.

Ish vaqtini hisobga olish tabelini yuritish

Xodimlarning ish vaqtini hisobga olish tabeli (bundan buyon matnda tabel deb yuritiladi) tegishli tarkibiy bo‘linmalar boshlig‘i (rahbar o‘rinbosari) yoki kadrlar xizmati xodimi tomonidan yuritiladi.

Tabel kadrlar xizmati xodimi tomonidan yuritilganda, xodimlarning haqiqatda ishlaganligi barcha tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari (rahbar o‘rinbosari) imzosi bilan tasdiqlanadi.

Tabelni o‘z vaqtida rasmiylashtirish uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasini xodim ishga chiqqan birinchi kunda kadrlar xizmatiga taqdim etiladi (O‘z.Res.AV ro‘yxat raqami-1136-son).

Mehnatga haq to‘lash tartibi

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bir vaqtning o‘zida belgilanadi hamda tashkiliy-huquqiy shakllaridan, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiydir (O‘z.Res.MK-245-m).

Tabiiy-iqlim va turmush sharoitlari noqulay bo‘lgan joylarda mehnat haqiga tuman koeffitsientlari va ustamalar belgilanadi (O‘zR VMQ-743-son).

Xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi (O‘z.Res.MK-253-m).

Xodimga tegishli bo‘lgan ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va miqdori boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bog‘liq qilib qo‘yilmasligi kerak.

Normal ish sharoitlarida oddiy ishlarni bajarish chog‘ida ish vaqtining normasini to‘liq ishlab bergan xodimning malaka talab etmaydigan mehnati uchun qonunchilikda kafolatlangan, Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridir.

Ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. Jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra ish beruvchi tomonidan qabul qilingan ichki hujjatda, mehnat shartnomasida ish vaqtidan tashqari ish uchun qo‘shimcha to‘lovlarning yuqoriroq miqdorlari nazarda tutilishi mumkin (O‘z.Res.MK-262-m).

Tungi vaqtdagi ishning har bir soati uchun kamida bir yarim baravar miqdorda haq to‘lanadi (O‘z.Res.MK-264-m).

Ishlov beriladigan materialdagi yashirin nuqson tufayli paydo bo‘lgan yaroqsiz mahsulot uchun, shuningdek xodimning aybisiz tayyorlangan yaroqsiz mahsulot uchun yaroqli mahsulotlar bilan teng ravishda haq to‘lanadi (O‘z.Res.MK-267-m).

Bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganda, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganda, ish hajmi ko‘payganda xodimning asosiy lavozimdagi ish haqiga quyidagilar uchun qo‘shimcha to‘lov belgilanadi va to‘lanadi:

budjetdan moliyalashtirilmaydigan tashkilot xodimlari uchun — bir necha kasbda (lavozimda) haqiqatda bajarilgan ishga doir ish haqi miqdorida;

budjet tashkilotlari xodimlari uchun — bir necha lavozimda ishlaganlik uchun tarif stavkasining (maoshining) ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda (O‘z.R.MK-259-m).

Ish haqi milliy valyutada (so‘mda) to‘lanadi.

Xodimga ish haqini to‘lash, qoida tariqasida, bevosita u ishni bajargan joyda amalga oshiriladi (O‘z.Res.MK-256-m).

Rag‘batlantirishni rasmiylashtirish tartibi

Ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin. Rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llash tartibi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki mehnat tartibi qoidalari hamda mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va mehnat shartnomasida belgilanadi (O‘z.Res.MK-299-m).

Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi (O‘z.Res.MK-299-m).

Intizomiy jazoni rasmiylashtirish tartibi

Tashkilotda mehnat tartibi ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlaydigan ichki mehnat tartibi qoidalari bilan belgilanadi.

Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qo‘llaniladi (ushbu Kodeks 127-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).

Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar yozma tushuntirishni talab qilishi, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa, talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi ish beruvchiga tegishlidir. Intizomiy jazo chorasini qo‘llashda sodir etilgan qilmishning og‘ir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi (O‘z.Res.MK-313-m).

O‘ziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi bo‘lmagan deb hisoblanadi.

Xodimning o‘ziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday holda xodim buyruq bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.

Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish

Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish uchun tashkilotda nizom ishlab chiqiladi va ish beruvchining buyrug‘i bilan tasdiqlanib joriy qilinadi.

Ish beruvchi xodimga xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini ta’minlashi shart (O‘z.Res.MK-361-m):

 1) ish joylari joylashtiriladigan binolar (inshootlar) tuzilishiga ko‘ra ularning belgilangan funksional maqsadiga mos holatda foydalanilishi lozim;

2) ishlatiladigan asbob uskunalar xavfsiz bo‘lishi, texnik pasportga (sertifikatga) ega bo‘lishi kerak;

3) tashkilot hududida piyodalar va texnologik transport vositalari xavfsiz sharoitlarda harakatlanishi uchun maxsus belgilar va rangli chiziqchalar bilan harakatlanish yo‘lakchalarini belgilash kerak;

4) xavfli zolanarga ajratilishi, maxsus belgilar va to‘siqlar bilan begona shaxslarning kirish imkoniyatini cheklash lozim. Xavfli zonalarga faqat ushbu zonada naryad-dopusk asosida ishlashga ruhsat berilgan, avval maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan hamda shaxsiy himoya vositasi bilan ta’minlangan shaxslar kirishi mumkin;

5) ish vaqti davomida xodimlarning mehnat qobiliyati va ish samaradorligini yuqori bo‘lishini ta’minlash uchun ish o‘rinlar joylashgan xonada harorat, yorug‘lik, ventilyatsiya sanitariya talablarga javob berishi shart.

Mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlar uchun mablag‘lar va materiallarni ajratish

Ish beruvchi mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlarni o‘tkazish uchun zarur mablag‘lar va materiallarni ajratadi (O‘z.Res.MK-361-m).

Mazkur mablag‘lar va materiallardan foydalanish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra ish beruvchi tomonidan belgilanadi.

Xodimlar mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan chiqimdor bo‘lmaydi.

Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil qilish

 Tashkilotlarda xodimlarning soni 50 va undan ortiq bo‘lsa ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil qilishi shart (O‘z.Res.Qonuni-410-son, 22.09.2016 y.).

Mehnatni muhofaza qilish xizmatida xodimlarning soni tashkilotda ishlaydigan xodimlarning soni, xavflilik sinfi va texnologik jarayonining hususiyatlari inobatga olgan holda belgilanishi lozim (O‘z.Res.VMQ-1066, 31.12.2018 y.).

Tashkilotda xodimlarning soni 50 nafardan kam bo‘lsa mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vazifalar rahbar o‘rinbosariga yuklatiladi (buyruq va ustama haq belgilangan holda).

Mehnatni muhofaza qilish xizmati to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashkilotning rahbariga bo‘ysunadi. Bu xizmatni boshqa tarkibiy bo‘limlarga qo‘shish, qisqartirish mumkin emas.

Ish o‘rinlarida attestasiya o‘tkazish

Ish joylarda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarning darajasini aniqlash va ularning xodimga ta’sirini kamaytirish borasida chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun mehnat sharoitlari bo‘yicha attestasiya o‘tkazilishi kerak.

4 ta holatda attestasiya majburiy ravishda o‘tkaziladi (O‘z.Res.MK-361-m):

qonunchilikda belgilangan tartibda xodimlarga mehnat sharoitlariga ko‘ra imtiyozlar va kompensasiyalar nazarda tutilgan ish o‘rinlari;

nogironligi bo‘lgan shaxslar band bo‘lgan ish o‘rinlari;

imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarida ko‘rsatilgan ish o‘rinlari;

xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridagi ish o‘rinlari.

jamoa kelishuvlarida va jamoa shartnomasida mehnat sharoitlariga ko‘ra boshqa ish o‘rinlarini ham attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.

Mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlarida attestasiya kamida 5 yida bir marta o‘tkazilishi kerak (O‘z.Res.VMQ-263, 15.09.2014 yil).

Noqulay (zararli va xavfli) mehnat sharoitlarda ishlaydigan xodimlar uchun imtiyozlar va kompensasiyalar

Mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlarida attestasiya natijalariga xodimlarga quyidagi imtiyozlar va kompensasiyalar belgilanadi:

  haftasiga 36 soatdan oshmagan qisqartirilgan ish vaqti rejimi (O‘z.Res.MK-477-m);

 jamoa shartnomasida xodimlarga belgilangan mehnat ta’tili kunlariga qo‘shimcha beriladigan mehnat ta’tili kunlari (3 kundan 24 kungacha) (O‘z.Res.MK-477-m);

  davolash-profilaktika oziq-ovqatlarni (sut, qatiq va boshqalar) bepul berish (O‘z.Res.MK-363-m);

  shaxsiy himoya vositalarni bepul berish;

  imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini belgilash (5 yil avval, 10 yil avval, yoshidan qa’ti nazar);

  Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan

xodimlarning mehnatiga haq to‘lash oshirilgan miqdorda belgilanadi.

Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar mehnatiga to‘lanadigan haqni oshirishning eng kam miqdori normal mehnat sharoitlaridagi har xil turdagi ishlar uchun belgilangan tarif stavkasining (maoshning) to‘rt foizini tashkil etadi (O‘z.Res.MK-482-m).

Majburiy tibbiy ko‘riklar

 Ish beruvchi quyidagilarni dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etishi shart (O‘z.Res.MK-360-m).

Majburiy tibbiy ko‘riklar tashkilotlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular bo‘lmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.

*

Ma’lumot uchun: Har yili 1 dekabrga qadar tashkilot bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majbur bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati tomonidan belgilanadi (O‘z.Res.Adliya vazirligidan 29.08.2012-yilda 2387-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan).

Ro‘yxat aniqlangandan keyin davolash-profilaktika muassasasi tibbiy ko‘rikdan o‘tish bo‘yicha kalendar rejani tasdiqlab beradi (tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish komissiyasida profpatolog bo‘lishi shart).

Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish kuni xodimning mehnat haqi saqlanib qolinadi.

Ish beruvchi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimni ishlarni bajarishga qo‘ymasligi haqli.

*

Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan xodim bo‘yin tovlashi mumkin emas.

Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayoni xodimga bepul bo‘lishi shart.

Xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan u dastlabki (ishga qabul qilish chog‘ida) yoki davriy (ish jarayonida) xususiyatga ega bo‘lishidan qat’i nazar, o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensasiya qilish ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi (O‘z.Res.MK-292-m).

 Xodimlarni shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan ta’minlash

Ish beruvchi mehnat sharoiti noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlar belgilangan normalar bo‘yicha maxsus kiyim-bosh, sanitar kiyim-bosh, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan bepul ta’minlashi shart (O‘z.Res.MK-363-m).

Bunday ishlarning ro‘yxati, beriladigan vositalarning normalari, ta’minot tartibi va shartlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, agar ular tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qonunchilikda belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.

Shaxsiy himoya vositalari xodimning bajaradigan ish turiga hamda himoya hususiyatlarga ega bo‘lishi lozim.

Shaxsiy himoya vositalari muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.

Shaxsiy himoya vositalarni tozalash, ta’mirlash, yangisiga almashtirish ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.

Shaxsiy himoya vositalari xodimga imzo qo‘yilgan holda tarqatiladi.

Ish beruvchi vositalarning yaroqliligi va xodimlar ulardan to‘g‘ri foydalanayotganligini nazorat qiladi.

Mehnatni muhofaza qilish sohasida lokal xujjatlar

Tashkilotda mehnatni muhofaza qilishga oid barcha lokal xujjatlar ish beruvchining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Buyruqda hujjatlarni joriy etish muddati belgilanishi lozim.

Hujjatlarni ro‘yxatga olish daftari va hujjatlarni taratish jurnali yuritilishi kerak.

Barcha hujjatlar imzo qo‘yilgan holda xodimlarga tarqatiladi.

Muhim hujjatlardan biri mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlar va funksiyalar tashkilotning mansabdor shaxslari orasida to‘g‘ri taqsimlanadi va buyruq bilan tasdiqlanadi.

Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha

yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish va o‘qitish

 Tashkilotlarning xodimlari, shu jumladan rahbarlari mehnatni muhofaza qilishning davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan ushbu xodimlar va rahbarlarning kasbi hamda ish turlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitilishi, yo‘l-yo‘riq olishi, bilimlarining tekshiruvidan o‘tkazilishi shart (O‘z.Res.MK-362-m).

Tashkilotda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish, malaka oshirish to‘g‘risida Nizom, yo‘l-yo‘riqlar dasturlari, bilimlarni sinovdan o‘tkazish yuzasidan savol-javoblar ishlab chiqiladi va ish beruvchining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Malakasini oshirishi zarur bo‘lgan xodimlarning ro‘yxati hamda malaka oshirish grafigi tuziladi va tasdiqlanadi.

Bilimlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha doimiy faoliyatdagi komissiya ish beruvchining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Komissiya a’zolarining barchasi malakasini oshirganligini tasdiqlaydigan guvohnomaga ega bo‘lishi kerak.

Tashkilotlarning mehnatni muhofaza qilish xizmati rahbarlari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tadilar.

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini teshkirish va hisobga olish

 Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari majburiy ravishda tekshirilishi va hisobga olib borilishi lozim.

Ish beruvchi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini o‘z vaqtida tekshirishi hamda hisobga olishi shart (O‘z.Res.MK-366-m).

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibati bo‘yicha quyidagi turlarga ajratiladi (O‘z.Res.VMQ-286, 06.06.1997 yil):

oqibati yengil;

oqibati o‘rtacha;

oqibati og‘ir;

o‘lim bilan tugagan.

Jarohat olgan xodimlar soni bo‘yicha guruhiy baxtsiz hodisa bo‘ladi.

Oqibati yengil baxtsiz hodisani ish beruvchi tomonidan tuzilgan komissiya tekshiradi (3 ish kuni ichida) va N-1 shaklidagi dalolatnomani tuzadi. Mazkur dalolatnomaning bir nus’hasi Davlat mehnat inspeksiyasiga yuboriladi.

Oqibati o‘rtacha va og‘ir, vafot etgan, shuningdek bir vaqtning o‘zida
2 nafar xodim jarohatlangan
bo‘lsa, komissiya Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining buyrug‘iga asosan tuzilgan komissiya tomonidan 15 kun davomida tekshiriladi va N-1 shaklidagi dalolatnoma tuziladi.

Bir vaqtni o‘zida 3 nafardan 11 nafargacha xodimlar jarohatlangan bo‘lsa, komissiya O‘zbekiston Respublikasi Kamballikni qisqartirish va bandlik vazirligining buyrug‘i bilan tuzilgan komissiya tomonidan 15 kun davomida tekshiriladi.

Bir vaqtning o‘zida 11 nafar va undan ortiq xodimlar jaroahtlangan bo‘lsa, mazkur baxtsiz hodisa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan tuzilgan komissiya tomonidan tekshiriladi.

Xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonni to‘lash

 Ish beruvchi xodimning mehnatda mayib bo‘lishi va (yoki) kasb kasalligi tufayli hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart (O‘z.Res.MK-321-m).

Ish beruvchi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham mehnat vazifalarini bajarishda, shuningdek ish beruvchi tomonidan berilgan transportda ish joyiga borish yoki ishdan qaytish vaqtida mehnatda mayib bo‘lishi tufayli xodimning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyon uchun moddiy javobgar bo‘ladi.

Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda ish beruvchi quyidagilarni qoplab berishi shart:

xodimga bir martalik nafaqa to‘lash (to‘lanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak) (O‘z.Res.MK-323-m);

xodimga yo‘qotilgan ish haqi uchun yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash tarzida amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlar (miqdori jabrlanuvchi mehnatda mayib bo‘lguniga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan uning kasbiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi darajasiga muvofiq bo‘lgan foizli nisbatda belgilanadi) (O‘z.Res.MK-324-m);

xodimning qo‘shimcha xarajatlarini kompensatsiya qilish (davolanish, protezlash, qo‘shimcha ovqatlanish, dori vositalarini sotib olish, sanatoriy-kurortda davolanish xarajatlari va boshqalar) (O‘z.Res.MK-325-m).

Kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish va qo‘shimcha xarajatlar darajasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Xodimning hayotiga yetkazilgan ziyonni to‘lash

Boquvchi bo‘lgan xodim (bundan buyon matnda boquvchi deb yuritiladi) mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan mehnatda mayib bo‘lganligi, kasb kasalligi yoki sog‘liqqa yetkazilgan boshqa shikast tufayli vafot etgan taqdirda ish beruvchi ziyonning o‘rnini qoplashi shart (O‘z.Res.MK-327-m).

Boquvchi vafot etganligi munosabati ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslarga quyidagilarni to‘laydi:

bir yo‘la beriladigan nafaqani (miqdori marhumning o‘rtacha yillik ish haqining olti baravaridan kam bo‘lmasligi kerak) (O‘z.Res.MK-330-m);

boquvchining yo‘qotilgan ish haqi o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlarni (miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida, uning o‘ziga tegishli bo‘lgan ulushni va uning qaramog‘ida bo‘lgan, ammo ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lmagan mehnatga qobiliyatli shaxslarning ulushi chegirib tashlangan holda belgilanadi) (O‘z.Res.MK-331-m);

qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilishni (dafn etish uchun xarajatlar) (O‘z.Res.MK-332-m).

Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rni quyidagi (O‘z.Res.MK-328-m):

voyaga yetmagan shaxslarga — o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar;

o‘n sakkiz yoshdan oshgan o‘quvchilarga — kunduzgi ta’limni tugatguniga, lekin ko‘pi bilan yigirma uch yoshga to‘lguniga qadar;

ellik besh yoshdan oshgan ayollarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga — umrbod;

nogironligi bo‘lgan shaxslarga — nogironlik muddatiga;

marhumning qaramog‘ida bo‘lgan bolalarini, nabiralarini, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlash bilan band bo‘lgan ota-onasidan biriga, eriga (xotiniga) yoki boshqa oila a’zosiga — qaramog‘idagi shaxslar o‘n to‘rt yoshga to‘lguniga qadar qoplanadi.

Barcha to‘lovlar ish beruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ish beruvchi o‘zining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilgan taqdirda sug‘arta shartnomasi talablariga muvofiq sug‘urta kompaniyasi tomonidan koplab beriladi (O‘z.Res.VMQ-177, 24.06.2009 yil).


Рўйҳатга қайтиш