Dehqonobod tumanida norma ijodkorligi hamda huquqni qo’llash amaliyoti holati bo’yicha
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-aprel kunidagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5415-sonli Farmonining 6- bandida “tuman (shahar) adliya bo‘limlari boshliqlari har chorakda tegishlicha tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlariga tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati bo‘yicha axborot taqdim etadi” degan rahbariy ko‘rsatmalardan kelib chiqqan holda, Dehqonobod tuman adliya bo‘limi tomonidan 2025-yil davomida Dehqonobod tumanida norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati o‘rganildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-aprel kunidagi PF-5415-sonli Farmonida adliya organlari va muassasalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra adliya organlarini «Odilona qonunlarni qabul qilish, jamiyatda qonunga hurmat ruxini qaror toptirish — demokratik huquqiy davlat ko‘rishning garovidir» degan konseptual g‘oyani hayotga tatbiq etishga qaratilgan yagona davlat huquqiy siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydigan professional xizmatga aylantirish; davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish sohasidagi faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish, tanqidiy tahlil asosida izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish; davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini, ma’muriy tartib-taomillar va davlat xizmatlarining sifatini kompleks va tanqidiy tahlil qilishda adliya organlarining rolini oshirish, bu sohalarda qonunchilikni yanada takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; o‘z faoliyatlari yuzasidan jamoatchilikka tizimli ravishda ma’lumotlar taqdim etish yo‘li bilan adliya organlari mansabdor shaxslarining hisobot berish tartibini joriy etish, ularning aholini tashvishga soluvchi muammolarga yuzaki munosabatda bo‘lishi holatlariga chek qo‘yish, shuningdek, ularning faoliyatini baholashning aniq mezonlarini belgilash kabilar ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi 2021- yil 20-apreldagi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2021-yil 15- noyabrda 19-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3333) bilan tasdiqlangan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qoidalariga asosan mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolati doirasida qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati yuqori turuvchi organlarining qarorlari asosida va ularni ijro etish uchun qabul qilinadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish qoidalari talablariga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy tusdagi qarorlarni qabul qilishdan oldin loyihani tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya bo‘limlariga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim qilishi shart. Mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmati xodimi loyihalarni tegishli hududiy adliya organiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritilishini ta’minlaydi. 2025-yil davomida Xalq deputatlari Dehqonobod tuman Kengashining 6 ta qaror loyihasi, tuman hokimining 3 ta qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida”gi Nizomning 12-bandi, beshinchi kichik bandida adliya organlariga vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan, qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish, to‘xtatib turish (to‘liq yoki qisman) yoxud ularni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish to‘g‘risida hamda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati faoliyati, ma’muriy tartib-taomillar va davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida aniqlangan huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish vakolati berilgan. 2025-yil davomida Dehqonobod tuman adliya bo‘limi tomonidan 15 ta tashkilotlarda huquqni qo‘llash amaliyoti va norma ijodkorligi sohasida 12 ta o‘rganish va 22 ta monitoringlar o‘tkazilib, 347 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlangan va aniqlangan qonun buzilishi holati bo‘yicha jami 66 ta taqdimnoma kiritilgan, kiritilgan taqdimnomalarning ko‘rib chiqilishi natijalariga ko‘ra 1 409 682 100 so‘m pul mablag‘lari jismoniy shaxslarga undirib berilgan. Bo‘lim tomonidan 2025-yil davomida 23 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzilib, natijasiga ko‘ra 23 nafar mas’ullar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Fuqarolarni qonuniy manfaatlarini ko‘zlab xususan yashaganlik faktini belgilashni hamda oylik ish haqlarini undirishni so‘rab, fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudi hamda iqtisodiy sudga 2025-yil davomida kiritilgan 19 ta jami da’vo arizasi natijasiga ko’ra 926 073 653 so’m undirish haqida da’vo arizalari qanoatlantirildi. Buning natijasida 39 nafar fuqaroning huquqlari tiklandi. Bundan tashqari adliya bo‘limi tomonidan 2025-yil davomida Davlat xizmatlari markazi, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi hamda xususiy amaliyot bilan shug ullanuvchi notarial idora bilan birgalikda tumandagi MFYlarni qamrab olingan holda sayyor qabullar oʻtkazildi. Yangi qabul qilingan qonun hujjatlari davlat organlari va tashkilotlarga yetkazilgan. Tumandagi davlat organlari, tashkilotlar, kollejlar, maktablar, mahalla fuqarolar yig‘inlari va nodavlat notijorat tashkilotlarida 2025-yil davomida jami 1217 ta og‘zaki huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, yangi qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning mazmun-mohiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berilgan va 1425 ta buklet va flayerlar tarqatilgan. Shuningdek, bo‘lim tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali jami 187 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Shundan, 65 tasi radio, 61 tasi gazetalar, 59 ta televideniya va jurnallarda 1 tani tashkil qiladi. 1058 ta targ‘ibot tadbirlari telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Dehqonobod tuman adliya huquqiy yangiliklar”, “Mahallalar+Adliya” kanallari hamda tuman adliya bo‘limining “Facebook” dagi sahifasi va boshqa telegram guruhlari, veb-sayt, elektron axborot vositalari orqali amalga oshirilgan.
Dehqonobod tuman adliya
bo‘limi boshlig‘i v.v.b X.Ibragimov