04.04.2025

Tuman (shahar) adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilgan ishlari toʻgʻrisida MAʼLUMOT

Tuman (shahar) adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazlari orqali 2025-yil
1-choragida jami 528 793 ta xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, bevosita Markazlar orqali 292 867 ta, onlayn tarzda (YaIDXP orqali) 235 926 tani tashkil etgan.

Viloyatda eng ko‘p ko‘rsatilgan xizmatlar Qarshi shahrida 92 887 ta, Kitobda 41 103 ta va Kosonda 39 989 tani tashkil etgan.

Joriy yilning 1-choragida aholi eng ko‘p foydalangan xizmat turlari tahlil qilinganda, bular bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish uchun 16 753 ta, kam ta’minlangan deb e’tirof etish, kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash uchun 33 195 ta, narkologiya dispanseri hisobidan turish-turmaslik haqida
14 756 ta va asab ruhiy dispanseri hisobidan turish-turmaslik haqida ma’lumotnoma olish uchun 14 803 ta, turar joy obyektiga kadastr pasportini berish va unga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun 10 606 ta, kredit tarixi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish uchun 914 ta, sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumotnoma berish uchun 19 158 ta, elektron raqamli imzo kalit olish uchun
55 550 tani tashkil etgan.

Olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishlarini tashkil etish maqsadida, joriy yilning 1-choragida jami 29 346 ta sayyor davlat xizmatlari, shuningdek Davlat xizmatlari markazlari filiallari tomonidan 7 392 ta xizmatlar ko‘rsatildi.

Tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari tomonidan joriy yilning
1-choragida jami 1 432 ta davlat muassasalari va tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shundan, xususiy korxonalar 150 ta, oilaviy korxonalar
107 ta, MChJlar 873 tani tashkil etgan.

Shuningdek, 2 789 ta yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shundan, 2 405 ta YaTT sifatida, 294 ta dehqon xo‘jaligi va 3 ta oilaviy korxonani tashkil etgan.   

Muhtaram Prezidentimizning 2024-yil 24-maydagi 80-son Farmonlariga ko‘ra, fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanishlarida yanada qulaylik yaratish maqsadida, Mobil-ID tizimidan identifikatsiya qilishda mavjud to‘lovlar bekor qilinib, aholiga pasportlarni Davlat xizmatlari markazlari orqali ID kartaga almashtirishni rasmiylashtirish bilan bir vaqtda, ularning roziliklari asosida bepul tarzda Mobil-ID tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, boshqa masalalarda Markazga tashrif buyurgan shaxslarga hamda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish davrida ham ushbu xizmatdan foydalantirilmoqda.

Mazkur tadbirlar doirasida jami 10 580 nafar fuqarolar Mobil-ID tizimidan roʻyxatdan oʻtkazilishiga erishilib, ularga davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanishning afzalliklari yuzasidan tegishli tushuntirishlar olib borildi.

Viloyatda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha dastlab 2 ta tuman (shahar)da Shahrisabz tumani va Qarshi shahrida xorijga chiqish biometrik pasportlar rasmiylashtirish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib jami 12 ta tuman (shahar) DXMlarda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi va jami 9 146 ta xorijga chiqish biometrik pasportlar rasmiylashtirilishiga erishildi.

CALL markaz orqali yoki rasmiy veb sayt orqali kelib tushgan murojaatlarga koʻra, fuqarolarga joyiga chiqqan holda davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu xizmatdan 2024-yilda 18 nafar fuqarolar foydalanishlariga erishildi. Ushbu xizmatning qulayliklari shundaki, fuqarolarning takliflari bo‘yicha belgilangan manzillarga borgan holda Markaz xodimlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.

Bunda milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, shuningdek, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi, viloyat markazlarida BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.

Qulayliklardan biri, o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.

-Hozirgi kunda, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan bolalar hamda ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi fuqarolarga navbatsiz davlat xizmatlari koʻrsatilib, jami 109 nafar ushbu toifadagi shaxslarga Markaz xodimlari tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishlari uchun yaqindan yordam berildi.

-“Ucell” uyali aloqa kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga koʻra, Fuqarolarni mobil aloqa operatorlariga ulash boʻyicha jami 219 nafardan ortiq shaxslarga ushbu davlat xizmatlari koʻrsatildi.

-Markazlarda fuqarolarga oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish tizimidan foydalanishda yordam berilmoqda. Shuningdek, Qarshi shahar adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazida fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil ravishda foydalanishlari uchun raqamli xizmatlar nuqtasi ya’ni infokiosk apparati o‘rnatildi. Bundan fuqarolar navbatsiz my.gov.uz ilovasi orqali davlat xizmatlaridan foydalanishlari imkoniyati yaratib berildi.

Viloyatning 14 ta mahalla binolarining o‘zida aholining davlat xizmatlaridan foydalanishlarini tashkil etish maqsadida, interaktiv kiosklar o‘rnatildi.

Natijada, jami 12 881 nafar shaxslar davlat xizmatlari turlaridan mahalladan turib foydalanishlari yo‘lga qo‘yildi. Bu bilan, aholining Davlat xizmatlari markazlariga kelish uchun sarf xarajatlari va kutib turish vaqtlari iqtisod qilinishiga erishildi.

Interaktiv kiosklar viloyatning qo‘shimcha 120 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining binolarida ham o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

-Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida, Markazlarda ish vaqti belgilangan taqsimotga asosan, xodimlarning bir qismi soat 08.00 dan 17.00 ga qadar, qolgani soat 09.00 dan 18.00 ga qadar ish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Bu esa ishlari zarurroq bo‘lgan fuqarolarga ertachiroq Markazga kelib, davlat xizmatlaridan foydalanishlari imkonini yaratdi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinib, bunda fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi. Bu jarayon Markazga hujjatsiz tashrif buyurgan fuqarolarga hujjatlarni olib kelish uchun qaytib ketmasdan, (Face-ID) orqali fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilib, ularga davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Aholiga elektron raqamli imzo rasmiylashtirishda ham (Face-ID) tizimi joriy etildi. Bunda, Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi, shuningdek, mobil ilovada shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) tizimi bilan tasdiqlash orqali elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berilishi bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Fuqarolarga yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini
Qarshi shahrida va Shahrisabz tumanlari Davlat xizmatlari markazlari orqali almashtirib berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelinayotgan edi.

Viloyatning qo‘shimcha 6 ta ya’ni Qarshi, Kasbi, Koson, Shahrisabz, Chiroqchi va Yakkabog‘ tumani DXMlarida ham yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berish xizmatlari joriy etildi. 1-chorak davomida
jami 7 209 ta yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berildi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda olib borilayotgan islohotlarning barchasi aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

 

                                             DXM va FHDY organlari faoliyatini

muvofiqlashtirish sho‘basi


Рўйҳатга қайтиш