Bog'lanish

Telefon
(+998 75) 230-01-76

Elektron manzil
qashqadaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

YURIDIK XIZMAT KO‘RSATISH MARKAZLARI FAOLIYATI YO‘LGA QO‘YILDI


Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini, ayniqsa o‘rta va quyi bo‘g‘inda huquqiy jihatdan ta’minlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Xususan, Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlarida sinov tariqasida jami 23 ta davlat organi va tashkilotlarining hududiy bo‘linmalariga yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi markazlar faoliyati Adliya vazirligi tizimida yo‘lga qo‘yilib, o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, sohaga tajribali kadrlarning jalb qilinishidagi kamchiliklar hujjatlar loyihalarining iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada qabul qilinayotgan qarorlar va boshqa hujjatlar ko‘p hollarda joylarda jismoniy va yuridik shaxslarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi 2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi PF-6155-son Farmoniga muvofiq davlat organlari va tashkilotlariga markazlashgan yuridik xizmat ko‘rsatish tizimini joriy qilish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra:

1. Adliya vazirligi va Moliya vazirligining 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarini (keyingi o‘rinlarda — Markazlar) respublikaning barcha tuman (shahar)larida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

2. Quyidagilar Markazlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari va tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda — davlat tashkilotlari) faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash;

davlat tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatish;

davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish;

davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini ta’minlash;

davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida davlat budjetidan moliyalashtiriladigan 12 ta davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalarida 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab jami 98 ta yuridik xizmatlar shtat birliklari qisqartirilib, bo‘shatilayotgan shtat birliklari hisobidan Markazlar faoliyatini tashkil etish uchun 77 ta shtat birliklari ajratildi.

Xozirgi kunda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan 12 ta davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatilib kelinmoqda.

Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha ma’lumot va jarayonlarni to‘liq elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va amalga oshirish imkonini beruvchi «E-huquqshunos» elektron tizimi joriy etildi.

Bunda, «E-huquqshunos» elektron tizimi quyidagi asosiy imkoniyatlarga ega bo‘ldi:

elektron tizimga ichki buyruq, shartnomalar va boshqa yuridik tusdagi hujjatlarning namunalarini kiritish hamda mavjud hujjatlar loyihalari namunalaridan erkin foydalanish;

elektron tizimdan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan shaxsiy kabinetga kirish, har qanday hujjat loyihasi va unga tahliliy materiallarni tayyorlash, qayta ishlash va xulosa olish uchun Markazlarga yuborish;

Markazlarning mas’ul xodimlari tomonidan, tegishli xulosa tayyorlash, hujjatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda, elektron tizimga biriktirish hamda o‘zaro hujjat almashish;

elektron tizimdan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan Markazlardan ijobiy xulosa olinganidan so‘ng takrorlanmaydigan maxsus raqam berish va elektron tarzda qabul qilish hamda ushbu hujjatlarni avtomatik tarzda izchil ketma-ketlikda raqamlash;

davlat tashkiloti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tizimga biriktirish, ularni tahrir qilish, takliflarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash hamda yuborish;

targ‘ibot tadbirlari bilan bog‘liq materiallarni elektron tizim orqali almashish;

davlat tashkilotlariga talabnoma, sudlarga ariza yoki da’vo arizalarini kiritish uchun ularning loyihalarini tayyorlash, tahrir qilish va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlab kiritish;

yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarga nisbatan o‘tkaziladigan tekshirishlarda masofaviy tarzda ishtirok etish hamda ularga huquqiy maslahatlar berish;

Markazlar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslardan kelgan murojaatlarni o‘rganib chiqish va ularga asoslantirilgan javoblar yuborishda ishtirok etish.

Shu bilan birga qaror bilan qo‘yidagi bir qator tartiblar belgilandi:

Markazlar tomonidan davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish «E-huquqshunos» elektron tizimidan foydalangan holda amalga oshirilishi;

Markazlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tarkibiy bo‘linma tarzida tashkil etilishi va ularga bo‘ysunishi;

Markazlar xodimlariga sud protsessida yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning vakili sifatida qatnashish huquqi berildi;

Markazlar xodimlari maqomi va mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra tegishli ravishda tuman (shahar) adliya bo‘limlari xodimlariga tenglashtirildi, shuningdek, ularga adliya organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan martaba darajalari va ko‘p yillik xizmatlari uchun ustama haq miqdorlari tatbiq etildi;

Markazlar xodimi sifatida kamida uch yil mehnat stajiga ega bo‘lgan shaxs litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs sifatida advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etish hamda notarial idorada olti oy muddat stajirovka o‘tab malaka imtihonini topshirish huquqiga ega bo‘lishligi;

Markazlarning qonuniy faoliyatiga biron-bir tarzda aralashish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ta’sir o‘tkazish qat’iyan taqiqlanishi;

Markazlar tegishli tashkilotda qonunchilik hujjatlari bilan yuridik xizmatlarga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishligi;

Markazlarga ushbu qarorda yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Markazlar tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatilishi belgilangan tashkilotlar tomonidan Markazlar bilan kelishilmagan holda yuridik tusdagi hujjatlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday hujjatlar yuridik kuchga ega emas hamda ular qabul qilingan paytdan e’tiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Markazlarga o‘zining asosiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmagan va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymagan holda boshqa yuridik shaxslarga pullik asosda yuridik xizmatlar ko‘rsatish huquqi beriladi. Yuridik shaxslarga pullik asosda yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi hamda pullik xizmatlardan kelib tushgan mablag‘lar budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi.

Viloyat adliya boshqarmasi

huquqiy ekspertiza va yuridik

xizmatlarning faoliyatini

muvofiqlashtirish bo‘limi

boshlig‘i T. Imomberdiyev